Ukraina ehtimoliy sulh buzilishiga qarshi Rossiyaga nisbatan reja tayyorlayapti – FT
Ukraina kelgusida ehtimoliy sulh kelishuvi buzilgan taqdirda Rossiyaga javob choralarini ko‘rish uchun maxfiy harbiy reja ishlab chiqqan. Bu haqda Financial Times nashri G‘arb davlatlaridagi manbalarga tayanib xabar berdi. Ayni paytda mazkur ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev ushbu rejani G‘arbdagi hamkorlari bilan muvofiqlashtirgan. Rejaga binoan, agar Rossiya tomonidan sulh shartlari buzilsa, Ukraina va uning ittifoqchilari 24 soat ichida javob qaytarishi lozim.
Birinchi bosqichda diplomatik ogohlantirish ko‘zda tutilgan. Agar bu chora samara bermasa, keyingi qadam sifatida Ukraina Qurolli kuchlarining harbiy aralashuvi amalga oshiriladi.
Agar jangovar harakatlar davom etsa, ikkinchi bosqichda «ko‘ngillilar koalitsiyasi» deb ataluvchi tuzilma ishga tushadi. Unga Yevropa Ittifoqiga a’zo qator davlatlar, Buyuk Britaniya va Turkiya kiradi.
Rossiya tomonidan hujumlar yanada kengaygan taqdirda esa, rejaga muvofiq, birinchi qoidabuzarlikdan keyin 72 soat ichida AQSh Qurolli kuchlari ishtirokida muvofiqlashtirilgan javob choralari ko‘rilishi mumkin.
Financial Times ta’kidlashicha, ushbu ko‘p bosqichli reja dekabr va yanvar oylarida Ukraina, Yevropa va AQSh vakillari o‘rtasida bir necha bor muhokama qilingan.
Manba: ft.com


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter