Ukraina TIV fuqarolarini Vengriya safaridan tiyilishga chaqirdi
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Vengriyaga safar qilishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qildi.
Bayonotga ko‘ra, Budapeshtda Ukraina fuqarolaridan yetti nafari o‘g‘irlab ketilgani va davlat bankiga tegishli mulk musodara qilingani haqida xabarlar bor. Shu sababli vazirlik Vengriya hududida ukrain fuqarolari xavfsizligini kafolatlash qiyin ekanini bildirdi.
Vazirlik, shuningdek, Ukraina fuqarolaridan imkon qadar Vengriya orqali tranzit safarlarni ham amalga oshirmaslikni, boshqa yo‘nalishlarni tanlashni so‘radi.
Bayonotda ukrain va yevropalik biznes vakillari ham ogohlantirilib, Vengriya hududida mulkning majburiy musodara qilinishi xavfi mavjudligi aytildi. Shuning uchun tadbirkorlarga bu mamlakatda ish olib borishda ehtiyot choralarini hisobga olish tavsiya etildi.
Ma’lumot uchun, Ukraina rasmiylari Budapeshtni «Oщadbank» davlat bankining yetti nafar xodimini qo‘lga olganlikda ayblamoqda. Bank bayonotiga ko‘ra, inkassatsiya guruhi 5 mart kuni ikki mashinada valyuta tashib ketayotganda Vengriya hududida to‘xtatilgan.
Ma’lum qilinishicha, pul tashish «Oщadbank» va «Rayffayzen bank Avstriya» o‘rtasidagi kelishuv doirasida amalga oshirilgan. GPS ma’lumotlariga ko‘ra, ushlab qolingan mashinalar Budapesht markazida, Vengriya kuch ishlatar tuzilmalaridan biri yaqinida turibdi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga Vengriya hukumatini «yetti nafar Ukraina fuqarosini garovga olganlikda» aybladi.
Kiyev rasmiy Budapeshtga diplomatik nota yuborib, ushlangan fuqarolarni va ularning mol-mulkini zudlik bilan ozod qilishni talab qildi. Shuningdek, Ukraina Yevropa Ittifoqiga murojaat qilib, Vengriya harakatlariga huquqiy baho berishni so‘rashini ma’lum qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter