Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ukraina Xitoyning rejasini rad etdi

Ukraina Xitoyning rejasini rad etdi

Xitoy Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yubormoqchi. Rasmiy Kiyev esa Pekinning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatida ishtirokiga ro‘yxushlik bermayotir.

Germaniya matbuoti yozishicha, Xitoy tinchlik missiyasi doirasida Ukrainaga harbiylarini yuborishga rozilik bergan. Tinchlikparvar kuchlar BMT mandati ostida harakat qilishi lozim degan shart qo‘yilgan.

Bir necha oy avval Xitoy tashqi ishlar vazirligi Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborilayotgani haqida xabarlarni rad etgandi. Bu gal ushbu taxmin jiddiyroq tarzda ilgari surilmoqda.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari, bir tomondan, Global Janub vakili bo‘lgan Xitoyning Ukrainada tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishda ishtirok etishini yoqlagan. Ikkinchi tomondan, Chin harbiylari Ukrainada josuslik faoliyati bilan shug‘ullanishi va Rossiya foydasiga ishlashi ehtimoli mavjud.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev xavfsizlik kafolati borasida Pekinning yordamiga muhtoj emasligini aytmoqda. Unga ko‘ra, Xitoy 2022 yilda Rossiyaning bosqinini to‘xtatishda ko‘mak bermadi. 2014 yilda Rossiya Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olganida ham hech qanday chora ko‘rmagan.

“Shu bois (2022 yil) 24 fevraldan keyin, chindan ham ko‘mak zarur bo‘lgan vaqtda Ukrainaga yordam qo‘lini cho‘zmaganlardan bizga kafolat kerak emas”, – deya Xitoyning istagini rad etgan Zelenskiy.

15 avgust kuni Alyaska shtatida AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putinning uchrashuvidan keyin Ukrainaga xavfsizlik kafolati berish, jumladan, mamlakat hududida G‘arb davlatlari tinchlikparvar kontingentini joylashtirish rejasi faol muhokama etilmoqda.

Ukraina esa turli sabablarga ko‘ra Xitoyning bu boradagi ko‘magidan bosh tortmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyida Reuters agentligi Xitoy sanksiya choralariga qaramay, Rossiyaga yashirin ravishda harbiy dronlar uchun dvigatel yetkazib berishda davom etayotgani haqida xabar bergandi. Sanksiyalardan qochish maqsadida dvigatellar soxta kompaniyalar orqali “canoat muzlatkichlari uchun ehtiyot qism” sifatida sotilayotgani aytilgan.

Avvalroq Bloomberg agentligi Pekin Moskvaga harbiy nishonlar uchun razvedka ma’lumotlari, harbiy sanoat uchun mikroelektronika, tank ishlab chiqarish uchun kerakli dastgohlar va raketa yonilg‘isi yetkazayotgani haqida tahliliy material chop etgandi.

Xitoy rasmiylari na Rossiya, na Ukrainaga qurol sotmasligi, bu borada mamlakat betaraf maqomda ekanini ta’kidlagan.

Yevropa Ittifoqi yaqin muddatda Rossiyani harbiy jabhada qo‘llab-quvvatlagani sabab Xitoyga qarshi sanksiya joriy etmoqchi. Politico nashriga ko‘ra, Pekin tomonidan Moskvaga harbiy jabhada ko‘mak ko‘rsatilayotgani Bryusselda xavotir uyg‘otmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring