Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukrainani tiklash uchun 10 yil va qariyb 588 mlrd dollar kerak bo‘ladi

Ukrainani tiklash uchun 10 yil va qariyb 588 mlrd dollar kerak bo‘ladi

Ukrainani urushdan keyin tiklash uchun yaqin 10 yil ichida qariyb 587,7 milliard dollar (taxminan 500 milliard yevro) kerak bo‘ladi. Bu haqda 23-fevral kuni Ukraina hukumati, Jahon banki, Yevropa komissiyasi va BMT tomonidan tayyorlangan qo‘shma hisobotda ma’lum qilindi. Hisob-kitoblar 2025-yil 31-dekabr holatiga asoslangan.

Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko ta’kidlashicha, ushbu summa mamlakatning 2025-yil uchun prognoz qilingan nominal yalpi ichki mahsulotidan qariyb uch baravar ko‘p.

Hisobotga ko‘ra, tiklanish xarajatlarining eng katta qismi transport sohasiga to‘g‘ri keladi – 96 milliard dollardan ortiq. Ikkinchi o‘rinda uy-joy sektori bo‘lib, unga 90 milliard dollar kerak bo‘ladi.

Shuningdek:

  • savdo va sanoat sohasi – 63 mlrd dollar,
  • qishloq xo‘jaligi – 55 mlrd dollar,
  • portlashlar oqibatlarini bartaraf etish va hududlarni minadan tozalash – qariyb 28 mlrd dollar.

Mutaxassislarning qayd etishicha, keng miqyosli urush oqibatida Ukrainaga yetkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar 195 milliard dollardan oshgan. Bu 2025-yil fevral oyida e’lon qilingan bahoga nisbatan 19 milliard dollarga ko‘p. Eng ko‘p zarar frontga yaqin hududlar va yirik shaharlarga yetgan.

2024-yildagi hisobotda Ukraina tiklanishi uchun 10 yil davomida 524 milliard dollar talab etilishi aytilgan edi. Yangi raqam 12 foizga oshgan. Bu energetika ob’yektlariga yetkazilgan zararning 21 foizga ko‘payishi va portlar hamda temiryo‘l infratuzilmasiga hujumlar sabab transport sohasida ehtiyojlarning 24 foizga ortishi bilan izohlanadi.

2025-yil oxiri holatiga ko‘ra, mamlakatdagi uy-joylarning 14 foizi shikastlangan yoki vayron qilingan. Bu uch milliondan ortiq xo‘jalikka ta’sir ko‘rsatgan.

2025-yil iyulida o‘sha paytdagi bosh vazir Denis Shmigal Ukraina tiklanishi uchun 14 yil mobaynida 1 trillion dollar kerak bo‘lishini aytgan edi. U ikki yirik jamg‘arma – 460 mlrd yevrodan ortiq xorijda muzlatilgan Rossiya aktivlari va Rossiya xomashyosi eksportiga maxsus soliq hisobidan moliyalashtiriladigan «Ukraina jamg‘armasi» hamda qariyb 400 mlrd yevrolik xususiy investitsiyalar jamg‘armasi tashkil etish taklifini ilgari surgan.

Shu bilan birga, 2025-yil fevral oyida Shmigal Ukraina tiklanishi uchun taxminan 500 mlrd yevro kerak bo‘lishini aytgan, ammo bu summa qaysi muddatga mo‘ljallanganini aniqlashtirmagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, urush tugashidan qat’i nazar, mamlakatni to‘liq tiklash uzoq muddatli, katta moliyaviy va institutsional sa’y-harakatlarni talab qiladi.

Manba: worldbank.org

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring