Ulug‘bek haqida bilgan-bilmaganlarimiz. Abdulatif otasini o‘ldirgan... deyilsa millat sha’niga ta’siri bo‘ladimi? (birinchi maqola)
Hali ko‘p bo‘lmadi — Samarqand qadamjolarini jamoa bilan birgalikda ziyorat qildik. Temuriylar davri obidalari, ular bilan bog‘liq rivoyatu haqiqatlar turgan-bitgani hayrat. Lekin Ulug‘bek rasadxonasida ta’kidlangan, aksarimiz avval eshitmagan, ilmiy ma’lumot deb aytilgan gap hammasidan o‘tib tushdi. Dargoh xodimi, tarixchi Ikromiddin Sirojiddinov «Ulug‘bekni o‘g‘li o‘ldirgan degan gap Abdulatifga tuhmatdir» dedi.
Mavzuga kirib kelishimizning ibtidosi shu bo‘ldi. 600 yil davomida aytib, yozib kelingan «padarkush» tavqi la’natidan Abdulatifni soqit qilish uchun gidning aniq asoslari bo‘lishi kerak. Yaxshi niyat bilan ana shu dalillarni o‘quvchilarimizga taqdim qilmoqchi edik...
«Boburnoma»da Abdulatif haqida yozilgan-ku...
Ikromiddin Sirojiddinov Ulug‘bekni dushmanlar o‘ldirib, o‘g‘li Abdulatifga tuhmat qilinganligi to‘g‘risida Toshkentda uchta kitobi chiqqanini aytadi. Suhbatdoshimizga ko‘ra, uning mavzuga oid birinchi maqolasi e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tib, Ulug‘bek rasadxonasi muzeyi uchun yangi bino qurilishi boshlangan. «Shu jarayonda Ulug‘bekning g‘amzada haykali o‘rnida uning donishmandligi aks etgan yangi san’at asari o‘rnatildi, muzeydagi Ulug‘bekning qonli ko‘ylagi parchasi va qurol-yarog‘lar ekspozitsiyadan olib qo‘yildi. Dargoh memorial muzeyga aylantirildi», deydi Ikromiddin aka.
Ikromiddin Sirojiddinov ta’kidlagan «Yulduzlar ilmi sultoni bo‘htonlar qurboni» sarlavhasidagi birinchi maqola «Zarafshon» gazetasida 2010 yilning 20 martida e’lon qilingan. Bunda muallif fikrini dalillash maqsadida «Boburnoma»dan iqtibos keltiradi va shu asosda mulohaza yuritadi:
«Ulug‘bek bahri ulumi xirad,
Ki dunyovu dinro az u pusht,
Zi Abbos shahdi shahodat chashid,
Shudash ha ta’rix «Abbos kusht»
Ya’ni, «ilohiy va dunyoviy ilmlar dengiziga g‘arq bo‘lgan Ulug‘bek Abbos tufayli shahid bo‘ldi. Abjad yozuvida bitilgan «Abbos kusht» dan u o‘ldirilgan sana kelib chiqadi». Ammo manbada Abdulatif haqida hech narsa deyilmagan» (ta’kid bizniki — M.T.)
Samarqandlik tarixchi olimlar — Amriddin Berdimurodov, Rahim Qayumov, jurnalist Ozodjon Hamidovlar «Boburnoma» Ulug‘bek Abdulatif farmoyishi bilan o‘ldirilgani haqidagi eng ishonchli va xolis manba deb hisoblaydilar. Ular, buni anglash uchun «Boburnoma»dan keltirilgan iqtibosdan avval va keyingi jumlalarni ham o‘qish kifoya ekanini uqtirishadi.
«Shohruh mirzo jami’ Movarounnahr viloyatini ulug‘ o‘g‘li Ulug‘bek mirzog‘a berib edi. Ulug‘bek mirzodin o‘g‘li Abdulatif mirzo oldi. Besh kunlik o‘tar dunyo uchun andoq donishmand va qari otasini shahid qildi. Ulug‘bek mirzoning favtining tarixi tavre voqi’ bo‘lubdur. Nazm:
«Ulug‘bek bahri ulumi xirad,
Ki dunyovu dinro az u pusht,
Zi Abbos shahdi shahodat chashid,
Shudash ha ta’rix «Abbos kusht»
Agarchi o‘zi ham besh-olti oy saltanat qilmadi, bu bayt mashhurdirkim:
Padarkush podshohiro nashoyad,
Agar shoyad ba shash mohash napoyad.
Aning tarixi ham tavre voqi bo‘lubdur».
«Abbos kusht» («Abbos o‘ldirdi») harflarini abjad hisobi bilan raqamga aylantirilsa, 853 hijriy yil chiqishi bor gap. Bobur mashhur bayt sifatida Nizomiy Ganjaviyning misralari esa «Otasini o‘ldirgan podsho bo‘lmaydi, agar bo‘lsa ham olti oyga yetmaydi» degan ma’noni beradi.
Bobur Abdulatifning o‘limi tarixi bilan bog‘liq bayt ham keltirib «Bobo Husayn kusht» deb harflar abjad hisobi bilan raqamga aylantirilganda 853 hijriy yilni keltirib chiqaradi.
Ikromiddin Sirojiddinov Ulug‘bek Mo‘g‘luqxonning yasoq qonuni bilan o‘ldirildi deb da’vo qilib turgan vaqtda taniqli tarixchi olim Amriddin Berdimurodov Bobo Husayn Ulug‘bekning sadoqatli, xos navkari bo‘lgan deb ta’kidlaydi: «Bobo Husen Turkistoniy nimaga xonni emas, Abdulatifni o‘ldirgan. Bobo Husen Turkistoniy Ulug‘bekning eng yaqin xos navkari bo‘lgan, Mo‘g‘luqxon degan qo‘g‘irchoq xonni emas. Abdulatif o‘ldirmagan degan gapda hech qanday asos yo‘q».
Abdulatifning otasi ismini yozdirmagan tangasi
Tarixdan ma’lum, avvaliga Chingizxon avlodlari xonlik qilishi, Amir Temur avlodlari esa, jumladan, amirlik qilishi belgilangan. Ya’ni, qonun chiqaruvchi hukumat xon, podsho, ijroiya hokimiyat esa amirlik hisoblangan.
Ulug‘bekning otasi Shohruhmirzo esa o‘zini hoqoni said, ya’ni podsho, qonun chiqaruvchi deb e’lon qilgan. Shohruh mirzo vafotidan keyin Ulug‘bek hukmronligi davri boshlanganda u ham o‘zini sulton deb e’lon qiladi. Davlatni mustaqil idora qiladi.
Ikromiddin Sirojiddinov: «Ulug‘bekni Abbos o‘ldirgan. Abbos esa Mo‘g‘luqxon degan xonning farmoni bilan o‘ldirib Abdulatif otasini o‘ldirdi degan tuhmat qilingan. Abdulatif saltanatga kelgach, Chingizxon va Temuriylar avlodlari o‘rtasida sovuq urushlar oldini olish maqsadida Mo‘g‘luqxonni xonlikka ko‘tardi».
Amriddin Berdimurodov: «Endi o‘zingiz o‘ylang, Abdulatif podsho bo‘lsa, uning otasini o‘ldirarmishu, otasini haqiqatan yaxshi ko‘radigan bo‘lsa, hech kimga chora ko‘rmas emish. Kulgili gap-da. Abdulatifni bevosita o‘ldirgan odam Abbos. Abbos yollangan, banda odami emas. U Abdulatifning xos navkari, shaxsiy sadoqatli odami. Shuning uchun qo‘g‘irchoq xonga to‘nkashning hech keragi yo‘q. Qo‘g‘irchoq xon hech nimani hal qilolmasdi».
Suhbatlarida bo‘lganimiz bu ikki tarixchining fikrlari kesishadigan va bahsga o‘rin qoldirmaydigan ma’lumotlar: Ulug‘bek va Abdulatif o‘rtasidagi qurolli jangda Ulug‘bek yengiladi. Ulug‘bek taxtini to‘laligicha Abdulatifga topshirib, qolgan umrini ilm fanga sarflamoqchi bo‘ladi. Bundan oldin esa hajga borishni niyat qiladi. Fikrini Abdulatifga aytganda, u otasi fikrini quvvatlaydi va hamrohlikka avval hajga borib qaytgan Muhammad Xusravni qo‘shib yuboradi.
Shu yerda fikrlar qarama-qarshiligi boshlanadi.
Ikromiddin Sirojiddinov: «Amir Temur hech qachon o‘zlarining o‘g‘illari, nabiralariga saltanatni 100 foiz topshirmagan. Biror bir amir bu ishni qilmagan. Ulug‘bek saltanatni butkul topshirgandan keyin Abdulaziz otasini o‘ldirishida hech bir mantiq yo‘q».
Amriddin Berdimurodov: «Abdulatif va uning maslakdoshlari Ulug‘bekni ochiqdan-ochiq oddiy bir kishini o‘ldirgandek o‘ldirolmas edi. Shuning uchun ular bu ishni iloji boricha shariat qoidalari asosida amalga oshirdilar. Shunda «Ulug‘bekdan besabab jabr ko‘rganmiz» deganlarni yig‘ib, xonning huzuriga borib xun talab qilishlari uchun yo‘llanadi. O‘zini beayb ko‘rgan deb hisoblaganlar orasida sulduz qabilasi boshlig‘ining o‘g‘li Abbos ham bor edi. Ulug‘bek Abbosning otasini zolimligi va boshqa noma’qul ishlari uchun qatl ettirgan edi. Qo‘g‘irchoq xon darhol Abbosga xun olishga ijozat berdi».
Ikromiddin Sirojiddinovning fikricha, «Abdulatif ko‘targan Mo‘g‘luqxon, baribir bu odam keladiyu, qo‘shin yig‘ib keladi va yana qayta janglarni boshlab yuboradi degan xavotir bo‘ladi uning ichida, bu o‘zini sulton deb e’lon qildi, bizlar xon bo‘lmasdan kimmiz degan o‘yda, g‘arazli maqsadda Ulug‘bekni o‘limga buyurish uchun farmon chiqaradi».
Amriddin Berdimurodov, «Ulug‘bek va keyingi o‘g‘li Abdulaziz qo‘shin yig‘ib, yana janglarni boshlashi avvalo Abdulatif uchun xatarli edi. Qolaversa, Ulug‘bek va Abdulatif o‘rtasidagi munosabat doimo tarang bo‘lgan» deydi.
Ikromiddin Sirojiddinov, fojialardan bir yilcha avvalroq Abdulatif sil kasaliga chalinganda, uni Ulug‘bek davolagani va kasal o‘g‘liga Xuroson yerlaridan suyurg‘ol mulk bergani haqida Abdurazzoq Samarqandiydan manba keltiradi (Matlai sa’dayn va majmai bahrayn»).
Amriddin Berdimurodov, Abdulatifning otasiga munosabati borasida misol keltiradi: «Bizda bir arxeolog, numizmat (tangashunos) Boris Dmiriyevich Kochnov degan kuchli olim bor edi. O‘sha kishi aytib qoldi: «Abdulatif tushirgan tangani topdim. Unda Abdulatif Ulug‘bek o‘g‘li emas, Shohruhning o‘g‘li deb yozilgan. Ulug‘bekning nomini keltirmagan». Ya’ni tangadagi yozuv «Abdulatif ibn Shohruh» ekan.
Qabrtoshdagi bitik
Ikromiddin Sirojiddinov Abdulatif otasini o‘ldirmagan degan xulosaga kelishida Ulug‘bek qabri ustidagi yozuv ham asos bo‘lishini aytadi. «Ulug‘bekning jasadi dastlab boshqa joyga ko‘milgan va keyinchalik Abdulatif o‘ldirilganidan keyin Go‘ri Amir maqbarasida qaytadan dafn etilgan. Lekin qabrtoshiga o‘g‘li otasiga tig‘ tortib o‘ldirgan deb noto‘g‘ri gap yozib qo‘yilgan».
Amriddin Berdimurodovning «Go‘ri Amir maqbarasi» ilmiy-ommabop risolasi bir necha marta chop etilgan. Unda 1941 yilgi ekspeditsiya ma’lumotlariga keng o‘rin berilgan. Jumladan, Ulug‘bek qabrtoshi haqida shunday deyiladi: «Ekspeditsiya a’zolari 18 iyunda Ulug‘bek qabrini ochishga kirishdilar... Qabrning og‘zi qalin marmar taxta bilan berkitilgan bo‘lib, uning sirtida yozuv mavjud:
«...U marhum sulton, xalifat quvonchi, dunyo va din ko‘makchisi oromgohiga Alloh nur yog‘dirsin. Ulug‘bek sultondirki, u 796 hijriy (1394 milodiy) yilda Sultoniya shahrida tug‘ildi va 810 hijriy (1408 milodiy) yilning zulhijja oyida Samarqand dorilamoniga xilofat mustaqillikka erishdi va Allohning irodasi ila «har kim buyurilganicha suzadi» deyilganidek, uning hayoti muddati nihoyasiga yetkach va qazovu vaqti kelgach, o‘g‘li qarshi chiqib xanjar tig‘ini unga urdi va natijada shahid bo‘lib bag‘ishlovchi va shafqatli Alloh tomon yo‘l oldi. Bu hodisa nabi hijratining 853 yili ramazon oyining o‘ninchi kuni (1449 yil 27 sentyabrda) sodir bo‘ldi».
Ikromiddin Sirojiddinov bitikni «hujjatsiz tuhmat yozuv» deydi. «Mirzo Ulug‘bek o‘g‘lining «tig‘ tortishi» bilan emas, balki qotil Abbos tomonidan Mo‘g‘luqxonning farmoyishi bilan o‘ldirilgan» deb yozadi.
Ulug‘bekning boshi tanasidan judo qilingani, tig‘ tortilgani bor gap. Ekspeditsiya kundaligidan: «...Uning boshi tanasidan nariroqda, yuzi yerga qaratilgan holda qo‘yilgan bo‘lib, bosh chanog‘i bilan birga uchta bo‘yin umurtqasi yopishib turardi. Uchinchi umurtqada o‘tkir tig‘ning izi yaqqol ko‘rinib turardi...»
Lekin, bevosita tig‘ tortgan kishi Abbos deb yozilmagani, voqeaning mohiyatini qanchalik o‘zgartiradi? Abbos, Mo‘g‘luqxon va Abdulatif o‘rtasidagi butun boshli qissani, mumkin qadar lo‘nda yozilishi kerak bo‘lgan qabrtosh yozuviga sig‘dirish mumkinmidi?
Sirojiddinov avvaliga Amir Temur maqbarasida Mirzo Ulug‘bekning qabri ham, qabrtoshi ham bo‘lmaganini ta’kidlaydi. «Boshqa yerga yashirib qo‘yilgan qabrtosh Abdulatif o‘ldirilganidan so‘ng Ulug‘bekning jasadi bilan keltirib qo‘yilgan».
Tarixiy manbalar Ulug‘bekning jasadi dastlab boshqa joyda bo‘lganini tasdiqlaydi. Lekin bu Abdulatif otasini o‘ldirmagan degan gapga asos bo‘la oladimi? 1941 yil ekspeditsiyasi Ulug‘bek jasadi ancha vaqt ko‘milmay, usti ochiq qolganini ham aniqladi. Nega olim hurmat-izzatini o‘rniga qo‘yib biryo‘la Temur yoniga dafn etilmadi? Nega Abdulatif o‘limidan keyin? Ulug‘bekning qatlining uchinchi kunida ikkinchi o‘g‘li Abdulazizning o‘ldirilishi nimaga ishora beradi? Tamg‘a solig‘i bekor qilingani-chi?
Suiqasdning asosiy sababi
Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi olam aningdek.
Amriddin aka bilan suhbatda Alisher Navoiyning bayti tilga olinmadi, lekin Ulug‘bek eng xalqparvar hukmron ekani aytildi. «Uning o‘ldirilishining asosiy sababi shu edi», deydi olim.
«Amir Temur davrida tamg‘a solig‘i joriy qilingan. Bu savdo-sotiqni normativi olingan soliq. Tamg‘a solig‘i Payg‘ambarimiz (SAV) davrida yo‘q edi. U vaqtda savdo-sotiq endi endi shakllanayotgan bo‘lgan. Temur davriga kelib savdo-sotiq rivojlanib ketdi. Tegirmonlar, hunarmandchilik ustaxonalari, karvonsaroylar katta-katta boylar qo‘lida to‘planib qoldi. Tamg‘a solig‘ini Amir Temurdan keyin Ulug‘bek tikladi. Buning evaziga xalqdan olinadigan yer solig‘ini kamaytirdi. Bu boy mulkdorlarga yoqmadi. Abdulatif ularga toju taxtni egallasa, tamg‘a solig‘ini bekor qilishi borasida va’da berdi. Otasi bilan jangda g‘alaba qozonishida soliqni yo‘qolishiga umidvor kuchlarning ta’siri bo‘lgan albatta. Shu zaylda toju taxtga havasi baland Abudlatifning o‘zi ham bir hovuch badavlatlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘ldi. Ulug‘bek o‘ldirilgan kunning ertasidan Samarqandda tamg‘a solig‘i bekor qilinishining o‘zi masalaga oydinlik kiritadi», deydi tarixchi.
Abdulatif otasini o‘ldirgan degan gap – a) millat sha’niga to‘g‘ri kelmaydi; b) tarixga zo‘ravonlik bu
Amir Temur maqbarasi... Ne-ne sinoatlar yashiringan makon bu. Bu yerdan ham ziyoratchilarning keti uzilmaydi. Bu yerda ham gidlar – tushuntiruvchilar har kuni tuxfa mehmonlarga Temuriylar haqida gapiradilar. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda ham Ulug‘bekni Abdulatif o‘ldirmagan deb aytilarkan.
Amir Temur maqbarasi xodimi Akmal Razzoqov shunday deydi:
— Yaxshi niyat bilan ziyoratga kelgan mehmonlarga men biror marta Abdulatifni padarkush deb aytmayman. Chunki bu bizning dinimizga ham, sha’nimizga ham, millatimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Padarkush o‘g‘li o‘ldirgan desak mehmon, xoh u o‘zimizniki bo‘lsin, xoh u chetdan kelgan bo‘lsin, u endi boshqa ko‘z bilan qaraydi.
Akmal bilan hali suhbatimizni tugatmagan edik, maqbaraning ismini aytishni istamagan boshqa bir xodimi kelib bitta gap aytdi: «O‘ninchi yillar boshlarida yuqoridan, padarkush demaysizlar degan ko‘rsatma bo‘lgandi!»
Amriddin Berdimurodov tarixni o‘zga qiyofada ko‘rsatishga urinish kaltabinlikdir deydi.
— Tarix nima uchun tarix? Tarix o‘zining asli bilan tarix. Qoshining o‘rniga qalam bilan chizib qo‘ygani bilan o‘zgarib qolmaydi. Qanday bo‘lsa shunday qabul qilish kerak. Abdulatifning padarkushligi haqida 10-15 ta manbada yozilgan. Moziyni buzib ko‘rsatishga urinish bu tarixga zo‘ravonlikdir! XV asrdagi voqeaning bugunda tushkun yoki yorqin ruhiyatini ko‘rsatishning nima keragi bor. Shahidlik maqomida egnida ko‘milgan kiyimni qabrdan olish qanchalik ahmoqlik bo‘lsa, endi uni ko‘rgazmadan olib tashlash ham shunchalik ahmoqlik! — ta’kidlaydi u.
Ulug‘bekning qonli ko‘ylagi parchasi bugunda qayerda saqlanayotgani noma’lum. «Xabar.uz» bu jihatni alohida o‘rganishga kirishgan.
(Davomi bor)
Mustahkam Tangriyorova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter