Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vijdonni uyg‘otish»: maktablarda ta’lim-tarbiyani yaxshilash bo‘yicha tahliliy taklif

«Vijdonni uyg‘otish»: maktablarda ta’lim-tarbiyani yaxshilash bo‘yicha tahliliy taklif

Foto: «13-dimi.uz»

Maktabda hamma o‘quvchilar aqliy yoki jismoniy jihatdan teng bo‘lmaydi, bu real holat. Ammo jismonan baquvvat o‘quvchilarning ayrim, ba’zan aksari ko‘p vaqtini, kerakli davrini nima bilan o‘tkazib qo‘yadi, albatta, yo voleybol, yo futbol yoki yana qandaydir boshqa ortiqcha mashg‘ulotlarga berilib ketib boy bermoqda va bu hech kimga sirmas.

Buni ta’lim va tarbiya bilan tartibga solish kerak nazarimda.

Ammo qanday?

Oddiy. Shunaqa ortiqcha o‘y-xayol va harakatlarda yurgan o‘quvchilarning bilimini jiddiy tahlil qilib, juda sust o‘qiyotgan fanlaridan to qoniqarli va yaxshi baholar olmagunicha voleybol, futbol yoki boshqa musobaqalar paytida oddiy va o‘yinga aloqasi yo‘q, ammo odam sog‘lig‘i, kerak bo‘lsa aqliy o‘sishida yordam beradigan jismoniy mashqlar qilishi yuklatilsa hamda jismoniy tarbiya fani nisbatan nazariy qilib o‘tilishi belgilansa maqsadga monand bo‘lardi.

Qolaversa, maktabda tarbiyasi o‘zgargan, o‘quvchiga xos bo‘lmagan harakatlilari kuzatilsa, ravshanlashsa, sinfxonani tozalash, maktab hududi va atrofidagi tartibsizliklarni darsdan keyin yaxshilashga, saramjonlashga yo‘naltirish ham yaxshi samara beradi. Shunda bola kelajakda odam xatosi uchun bundan-da ko‘p qiyinchiliklar ko‘rishi mumkinligini ham aqlan, ham ruhan sezgan holda o‘sib boradi. Qolaversa, biz bilgan Janubiy Korea seriallarida ham ushbu yondashuv va tartibda o‘quvchilarni tarbiyalash lavhalarini ko‘rgansiz, eslang. Xo‘sh, bizlar ham rivojlangan davlatlar tizimidan keraklisini olib tatbiq qilsak bo‘lmaydimi, bu katta pul talab qiladimi — aslo. O‘zimizga bog‘liq, xolos.

To‘rtta mavzudan keyin o‘quvchilar bilimlar bellashuvini sinflar o‘rtasida muntazam o‘tkazishni jiddiy yo‘lga qo‘yish kerak. Musobaqa darsdan keyin uyushtirib turiladi. Ushbu bellashuv quyidagicha bo‘ladi:

O‘qituvchi to‘rtta mavzudan 100 ga yaqin testlar ishlab chiqib, test aytilayotgan paytda ikki sinfning o‘quvchilari bir-birining yonida o‘tirgan holda o‘z javoblarini belgilab ketadi. Bunday payt ikkala o‘quvchi bir-biriga ko‘chirtirishi va boshqa ayyorliklar qilishiga yo‘l qo‘ydirilmasligi ball to‘plash jarayonida qizg‘in bahsni keltirib chiqaradi. Ballar umumiy belgilanib, qaysi sinf yutgani ma’lum qilinadi va sinflardagi faol o‘quvchilar alohida qo‘shimcha baholanadi. Keyingi musobaqada faollar soni nechtaga ko‘paygani hisoblanib, buning uchun ham sinf g‘olibligida asqotadigan qo‘shimcha ballar beriladi. Buning ta’sirli jihati shuki, qaysidir sinfdagi o‘quvchining oqsab, sinfning kam ball olib yutqazishiga sababchi bo‘lgani uchun vijdoni qiynalishi, oqibatda darslarni o‘zlashtirishga jiddiy qarashi boshlanib, shu va boshqa o‘quvchilar uchun yaxshi natijaga undashi salmoqli samara beradi.

O‘quvchi o‘zining vazifasini bilmasligi yoki yengil qarashi bugun sinfni, ertaga mahallani, keyin jamiyatni orqaga tortib borishi mumkinligini, buning oldini olish o‘zining qo‘lida ekanini tushunib, ham aqlan, ham ruhan o‘sib boradi.

O‘qituvchining o‘quvchi uchun umuman ahamiyatga ega bo‘lmagan konspekt qilish tartibi bekor qilinishi kerak. Bir yilda viloyat XTB tomonidan olti  marotaba maxsus xolis komissiya tuzilib, navbati bilan sinf o‘quvchilari olayotgan bilimni aniqlash uchun har xil fanlardan testlar olinishi lozim. Sinf bo‘yicha ko‘rsatkich 75 foizdan kam bo‘lsa, tegishli fan o‘qituvchisining faoliyati o‘rganilishi kerak. Uchinchi marotaba yana past ko‘rsatkich yoki o‘sha miqdor bo‘lsa, o‘qituvchi layoqatsiz deb topilib qandaydir chora ko‘rilishi kerakki, u o‘z ustida qog‘oz bilan emas, o‘quvchilar bilan ishlasin. Ammo faqat o‘quvchi tomonidan ushbu foiz pasayishi tasdiqlansa, ota-onasiga jarima to‘latishni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu prinsip ota-onaga bepul ta’limni qadrlash va o‘z farzandiga loqayd bo‘lmaslikni eslatib turadi.

Farzandga, o‘quvchiga ham o‘qituvchining, ham ota-onaning mas’ulligi oshadi bu jarayonda.

Kamina o‘qituvchi bo‘lib ishlagan paytida nafaqat yuqoridagilarni, yana bir muhim va psixologik tarbiyaga yo‘naltirilgan usulni qo‘llagan edi, ya’ni:

O‘quvchi maktabda ko‘p vaqtini parta qarshisida o‘tkazadi. Ammo partada o‘quvchi ko‘rib turadigan kichik bo‘lsa-da «ezgulik achitqisi» yo‘q. Ayrim sinf rahbarlari partalariga o‘z psixologiyasidan kelib chiqib, ma’qul ko‘rgan sitatalaridan birortasini qo‘ygandir. Ammo bu ham mavhum masala.

Ushbu «achitqi» barcha maktablarimizda joriy etilsa, ishonaman, o‘z kuchini beradi.

1. «Ezgulik achitqisi»:

«O‘quvchi, unutma — maktabga qanday kelishing, stolda qanaqa o‘tirishing, darsga qanchalik qiziqishing va nisbatan o‘zlashtirishing, sinfdoshingga va ustozingga qanday muomalada, munosabatda bo‘lishing bu — ota-onangdan qanday tarbiya olayotganing, ota-onang qanday tarbiyaga ega va kim ekanligini namoyon qilish degani! Ota-onangni va o‘zingni hurmat qil! Ustoz — volidang kabi ulug‘ kishidir! Bu shiorga amal qilishing kelajaging haqida bashorat bo‘lib boradi».

2. Sinf eshiklari tilga kirsin.

Har bir sinfxonaga kirish eshigi yuziga: «Uyga vazifangni va olayotgan bilimlaringni bugun darsda bildirib qo‘y. O‘zingni hech kimdan kam emasligingni yana bir bor isbotla».

Eshikning sinfxonadan chiqish yuziga: «Bugun darslikdan, ustozingdan nima olib ketyapsan. Sen o‘quvchi bo‘lib yutib ketyapsanmi, yutqazibmi?» Shunga o‘xshash so‘roqlar boshqa sohalar uchun ham zarar qilmaydi. Masalan, shifoxonalar eshiklariga, banklar eshiklariga va h.k.

Maqsad oddiy — vijdonni uyg‘otib turish.

Abduqodir Mo‘minov,
jurnalist

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring