Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xabar.uz» tahririyatining rasmiy bayonoti

«Xabar.uz» tahririyatining rasmiy bayonoti

Shu yilning 18-iyunidan boshlab O‘zbekistonning bir qator internet-nashrlariga kirishda muammolar yuzaga kelayotgani, ayrimlari qiyinchilik bilan ochilayotgan bo‘lsa, ayrimlari esa umuman ochilmayotganidan ko‘pchilikning xabari bor. Bu holat bir necha kundan buyon O‘zbekiston hududida ham, jahon miqyosida ham kuzatilmoqda. Jumladan, o‘quvchilarimizning «Xabar.uz» domeniga kira olmayotgani haqidagi ko‘plab shikoyatlaridan so‘ng vaqtincha «Xabaruz.com» domeni orqali xabarlarimizni tarqatib kelayotgan edik.

Kezi kelganda shu qayd etib o‘tish kerakki, «Xabar.uz» tahririyati o‘zining serverlarini doimiy nazorat qilib boradi, qandaydir muammo yuzaga kelsa, u texnik mutaxassislar tomonidan zudlik bilan bartaraf etib kelinadi. 18-iyundan beri kuzatilayotgan muammodan so‘ng texnik mutaxassislarimiz serverimizni diagnostika qilib chiqishdi. O‘rganish jarayonida muammo serverlarda emasligi, saytlarga hech qanaqa DDoS-hujumlar yoki boshqa qandaydir hakerlik hujumlari bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi.

Bugun O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev «Kun.uz», «Xabar.uz», «Qalampir.uz» internet-nashrlari rahbarlarini qabul qildi. Suhbat chog‘ida u qo‘l ostidagi mutaxassislarga internet-nashrlari bilan sodir bo‘lgan vaziyatning sabablarini o‘rganish haqida topshiriq berganini, muammoni hal etish bo‘yicha vakolati doirasida har qanday yordamga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Uchrashuv chog‘ida internet-nashrlari va AKT vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, xususan, O‘zbekistonda AKTni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritish, axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish va targ‘ib qilish, bundan tashqari, milliy internet segmentini xolis va ishonchli axborotlar bilan ta’minlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash, elektron OAVni qiynab kelayotgan boshqa masalalarni hal etish haqida ham so‘z bordi.

«Xabar.uz» domeni faoliyati bugundan izga tushdi. Biz kabi muammoga duch kelgan boshqa internet nashrlarining faoliyati ham tiklanishi, yuzaga kelgan muammo tez orada bartaraf etilishi, uning sabablari chuqur o‘rganilib, kelgusida bu kabi muammolar sodir bo‘masligiga umid bildirib qolamiz.

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring