Yozuvchilar uyushmasining tarkibiy tuzilishi qayta ko‘rib chiqiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5-aprel kuni «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra:
— O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining jamiyatimizda milliy g‘oya, yangicha tafakkur va dunyoqarashni rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
— Uyushma a’zolarining ijtimoiy-ma’naviy faolligi va mas’uliyatini oshirish, ularni xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini, el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan tub o‘zgarishlarni teran aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirish;
— Uyushma a’zolarining moddiy va ma’naviy manfaatlarini, mualliflik huquqlarini himoya qilish, ular uchun har tomonlama sharoit yaratib berish, mashaqqatli ijodiy mehnatini adolatli baholash;
— Uyushmaning obro‘-e’tibori va yuksak maqomini munosib saqlash, uning sifat tarkibini yaxshilash maqsadida ushbu tashkilotga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha zamonaviy va ta’sirchan mezonlarni belgilash;
— katta iste’dod va yuksak grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan keksa avlod vakillarining ijodiy salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish;
— yosh iste’dod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun chuqur o‘ylangan, zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan innovatsion usullarni ishlab chiqish va joriy etish;
— dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish va chet ellarda targ‘ib etish tizimini yaratish;
— o‘zbek tilidagi Internet adabiyotini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
— mumtoz adabiyotimizni, xususan, Alisher Navoiy asarlarini xalqimizga yanada yaqinlashtirish, bu noyob merosni ma’naviyatimizning hayotbaxsh manbai va tarkibiy qismiga aylantirish haqidagi takliflar ma’qullandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining oliy organi — Konferensiyasining Uyushmaning tarkibiy tuzilishini qayta ko‘rib chiqilib, yangi tahrirdagi Nizomi tasdiqlanadi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlariga qo‘shimcha shtatlar ajratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter