YPX inspektorini avtomashinasida urib ketgan yigit 6 yilga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudida burchini bajarayotgan YPX inspektoriga qarshilik ko‘rsatib, unga og‘ir shikast yetkazgan muqaddam sudlangan 23 yoshli yigitning qilmishiga doir jinoiy ish ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 12-may kuni soat taxminan 19:20 da boshqaruvida bo‘lgan «BYD» rusumli avtomashinasini haydash huquqini beruvchi hujjatlari bo‘lmagan holda taxminan 100 km/soat tezlik bilan boshqarib kelayotib, mazkur hududda xizmat olib borayotgan YPX inspektorining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan uni urib yuborgan.
Inspektor shifoxonaga yetkazilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar sababli uning hayoti saqlab qolingan.
«34 kunda o‘ziga keldi. 6 oy bir joyda yotdi. Bir yil deganda qayta ishga chiqqan bo‘lsa, shu vaqt ichida biror marta sudlanuvchi yoki yaqinlari o‘g‘limning holidan xabar olmadi, yordam berilmadi», – deydi inspektorning otasi.
JIB Chilonzor tuman sudi sudyasi Abbos Abdug‘afforov sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qidi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi JKning 104-moddasi 2-qismi «b» bandi hamda 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sud unga JKning yuqoridagi moddalari bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter