Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Evroosiyo kelajagi muhokamada: barqarorlik, xavfsizlik va yangi yondashuvlar

Evroosiyo kelajagi muhokamada: barqarorlik, xavfsizlik va yangi yondashuvlar

Maqsad Jangirov olgan surat

Poytaxtimizning Husma mehmonxonasida “Markaziy Osiyo va Rossiya – 2025: yil yakunlari va kelajak konturlari” mavzusidagi yakuniy xalqaro ekspertlar brifingi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Berlek-Birlik” markazi (Ufa), “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi (Toshkent) va “Vostochniy ekspress” internet-nashri tomonidan tashkil etildi. 

Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan xalqaro aloqalar bo‘yicha ekspertlar, jamoat arboblari, olimlar, yosh siyosatshunoslar ishtirok etgan ushbu brifingda 2026-yil uchun mintaqaviy barqarorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha prognozlar o‘rganildi. Muhim infratuzilma va ekologik muammolarni hal qilishda mojaro va hamkorlik salohiyati baholandi.

“Yil davomida sakkizta ekspert brifinglari o‘tkazildi, loyiha ishtirokchilari Yevroosiyo mintaqasining buguni va kelajagini shakllantiruvchi asosiy muammolar va tendensiyalarni batafsil tahlil qildilar, — deydi “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi rahbari Baxtiyor Ergashev.  — Munozaralar keng ko‘lamli mavzularni qamrab oldi — yumshoq kuch vositalarini o‘zgartirish va yirik global ishtirokchilarning geoiqtisodiy pozitsiyalarini baholashdan tortib mintaqaviy xavfsizlik, suv diplomatiyasining o‘ziga xos muammolari va “tinch yadroviy energiya” istiqbollarigacha.

Xo‘sh, axborot sohasi va “yumshoq kuch”: qaysi muammolar yanada keskinlashdi va ularga qanday javob berish kerak?  

Tahlillarga ko‘ra, G‘arbning “yumshoq kuch” siyosati samarasini yo‘qotmoqda. Uning o‘rnini tobora tajovuzkor, instrumental va siyosiylashgan ta’sir usullari egallayapti. Natijada gumanitar loyihalar va NNTlar ko‘p holda tor geosiyosiy manfaatlarni ilgari surish vositasiga aylanmoqda.

Mutaxassislar fikricha, almashinuv dasturlari kabi avvalgi hamkorlik formatlari keskin qarama-qarshilik sharoitida ish bermay qolgan. Bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlarini axborot va madaniy ta’sir manbalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur etmoqda.

“Berlek-Birlik” geosiyosiy tadqiqotlar markazi etnosiyosat va konfliktologiya sektori mudiri, dotsenti Artur Sulaymonovning so‘zlariga ko‘ra hamkorlik an’anaviy energetika doirasidan chiqib bormoqda: tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish darajasi 20 foizga yetgan. Sulaymonovning ta’rificha, suverenitet — tashqi kuchlarni hisobga olmasdan tashqi va ichki siyosat yurita olish qobiliyatidir. Shuningdek, olim 2025 yilda suverenitet tushunchasi qayta ko‘rib chiqilayotganini, haqiqiy suverenitet iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy mustaqillik bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

“Yosh ekspertlarni qo‘llab-quvvatlash masalasida asosiy e’tibor aynan yangi avlod mutaxassislariga qaratilishi kerak. Bu borada yoshlar kelajak jarayonlarining faol tashabbuskori sifatida ko‘rilmoqda”, — deya ta’kidladi siyosat fanlari doktori, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori Nazokat Qosimova.

Ekspertning qayd etishicha, bugun Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik yo‘nalishlarida tobora kelishilgan va umumiy pozitsiyani shakllantirib bormoqda. Aynan shu jarayonlarda mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglaydigan, zamonaviy fikrlaydigan yangi avlod ekspertlarining roli ortib bormoqda.

Professor Nazokat Qosimovaning ta’kidlashicha, “Yosh siyosatshunoslar maktabi” kabi tashabbuslar yosh mutaxassislarning tahliliy salohiyatini rivojlantirish, ularning loyiha g‘oyalari va qarashlarini ekspertlar muloqotiga olib kirishda muhim maydon vazifasini bajarmoqda. Shu bois kelajakda mintaqadagi hamkorlik va barqarorlikni ta’minlashda aynan yosh ekspertlarga tayanish zarur.

Brifing muhokamalari shuni ko‘rsatdiki, 2025-yil Rossiya va Markaziy Osiyo munosabatlarida ishonchni mustahkamlash yili bo‘ldi. Bu ishonch endi faqat siyosiy bayonotlar bilan emas, balki iqtisodiy diversifikatsiya, xavfsizlik, suv diplomatiyasi va “tinch atom” kabi strategik sohalarda aniq hamkorlik konturlari orqali mustahkamlanmoqda.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, tashqi axborot bosimi va o‘zgarib borayotgan “yumshoq kuch” usullari umumiy tarixiy va madaniy qadriyatlarga tayangan, biroq zamonaviy, texnologik yechimlarni shakllantirishni talab qiladi.

Shu jarayonda yangi avlod ekspertlarini qo‘llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglaydigan, zamonaviy fikrlaydigan yosh mutaxassislar 2026 yil uchun xavfsizlik, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik bo‘yicha barqaror yechimlarni ishlab chiqishda asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida ko‘rilmoqda.

B.Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring