Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimov Ozarbayjon yetakchisi Haydar Aliyevga qanday baho bergan edi?

Islom Karimov Ozarbayjon yetakchisi Haydar Aliyevga qanday baho bergan edi?

Ozarbayjon yetakchici prezidentlik davrida O‘zbekistonga bir necha marta tashrif buyurgan.

Foto: “Haydar Aliyev merosi” elektron kutubxonasi

12-dekabr kuni Ozarbayjonda mamlakatning umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev vafoti munosabati bilan xotira marosimlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakat rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, xotira kuni munosabati bilan davlat hokimiyati, madaniyat va san’at namoyandalari, oddiy xalq vakillari millat yetakchisi ruhiga hurmat bajo keltirgan.

Qayd etilishicha, Haydar Aliyevning eng katta orzusi mamlakatning hududiy yaxlitligini tiklash hamda ishg‘ol ostidagi Qorabog‘ni ozod qilish bo‘lgan. «Biz Qorabog‘ masalasini hal etamiz. Faqat vaqt kerak. Ozarbayjondan uning yerlarini hech kim tortib ololmaydi. Bosib olingan yerlarimiz albatta qaytariladi», – degan H.Aliyev. Uning bu orzusi esa oradan 17 yil o‘tib o‘g‘li – amaldagi prezident Ilhom Aliyev tomonidan ro‘yobga chiqarilgan. Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020-yil 27-sentyabrdan 9-noyabrga qadar Armaniston Qurolli kuchlariga qarshi kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi.

Ozarbayjon matbuotiga ko‘ra, mamlakatning zamonaviy tarixi Haydar Aliyev nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Chunki u hokimiyatga kelgach, milliy uyg‘onish va mustaqillik harakati qat’iy-mustahkam tus olgan, zamonaviy davlatchilik poydevori qo‘yilgan va mustahkamlangan. Davlat rahbari 1994 yilda xorij energetika shirkatlari bilan neft konlariga doir «Asr shartnomasi» deb atalgan bitim imzolab, mamlakatni iqtisodiy taraqqiyot sari boshlagan.

Manbalarga ko‘ra, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ozarbayjonlik hamkasbining siyosiy yetakchilik qobiliyatiga yuqori baho bergan.

I.Karimov fikricha, H.Aliyev Sovet Ittifoqi parchalangan eng murakkab davrda davlat rahbari lavozimida faoliyat yuritib, o‘z mamlakatini donishmandlik bilan dolg‘ayu dovullardan omon olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Ozarbayjon milliy yetakchisining quvvai hofizasini ham alohida e’tirof etgan. Qayd etilishicha, H.Aliyev tarix, falsafa, adabiyot bo‘yicha sanoqsiz ism va faktlarni yodda saqlab qola olgan.  

«Bunday yetakchiga ega ekani bois Ozarbayjon xalqiga havas qilsa arziydi. U barcha narsani yodda saqlaydi. Asosiysi, u aniq, pishiq-puxta va izchil siyosatga, pozitsiyaga ega», – degan I.Karimov hamkasbi haqida.

Haydar Aliyev (1923-2003) sovet davrida uzoq yillar yuqori rahbar lavozimlarda ishlagan, jumladan, Ozarbayjonni idora etgan. 1993-2003-yillarda esa mustaqil davlat prezidenti sifatida faoliyat yuritgan. Milliy yetakchi xotirasiga hurmat ramzi sifatida mamlakatda va xorijda ko‘plab yodgorliklar o‘rnatilgan, hududlar va turli muassasalarga uning nomi berilgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring