Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston qiymati 720 million dollar bo‘lgan xalqaro iqlim investitsiyalari dasturida ishtirok etadi

O‘zbekiston qiymati 720 million dollar bo‘lgan xalqaro iqlim investitsiyalari dasturida ishtirok etadi

BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) doirasida sanoatni dekarbonizatsiya qilish, yashil texnologiyalarni rivojlantirish va iqtisodiyotning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishga investitsiyalar jalb etishga qaratilgan "Transformation Pathways Initiative" (TPI) xalqaro dasturi taqdim etildi.

Umumiy qiymati 720 million AQSh dollarini tashkil etuvchi dastur 2026-yil oktyabr oyida Yashil iqlim jamg‘armasi (GCF) Kengashi tomonidan ma’qullangan. Ushbu mablag‘ning 187 million dollari GCF tomonidan moliyalashtiriladi, qolgan 533 million dollar esa qo‘shma moliyalashtirish hisobidan jalb etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston dastur qamrab olgan o‘nta davlat qatoridan joy oldi. Dastur Osiyo, Afrika, Yevropa va Lotin Amerikasi mamlakatlarini qamrab oladi. Tashabbus BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) hamda "Finance in Motion" xalqaro investitsiya kompaniyasi ishtirokida amalga oshiriladi.

Dasturning asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlardagi korxonalarga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish va ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish uchun uzoq muddatli iqlim moliyalashtirishidan foydalanish imkoniyatini yaratishdan iborat. Bunda sanoat korxonalari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga chidamli agrosanoat oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Moliyalashtirish korxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish va kreditlar ajratish, jumladan, mahalliy moliya muassasalari orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, investitsiya loyihalarini tayyorlash, iqlimga ta’sirini baholash hamda korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun texnik yordam ko‘rsatish ham nazarda tutilgan.

Dastur global miqyosda amalga oshirilishi natijasida 31 million tonnadan ortiq CO₂ ekvivalentidagi issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish, shuningdek, 1,4 milliondan ortiq kishining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish kutilmoqda.

O‘zbekiston uchun ushbu tashabbusda ishtirok etish sanoatni modernizatsiya qilish, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga xalqaro kapital jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Xususan, to‘qimachilik, kimyo va qurilish sanoati korxonalarida energiya samaradorligini oshirish, taqsimlangan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, aylanma iqtisodiyot texnologiyalarini joriy etish hamda agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda manfaatdor vazirliklar, tijorat banklari va sanoat korxonalarini jalb etgan holda dastur doirasida investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekistonning "Transformation Pathways Initiative" dasturidagi ishtiroki issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiyotni past uglerodli rivojlanish modeliga o‘tkazish bo‘yicha milliy ustuvor vazifalarga mos keladi. Dastur mamlakatning iqlim bo‘yicha majburiyatlarini bajarish va barqaror rivojlanishga xususiy investitsiyalarni jalb etishda qo‘shimcha xalqaro moliyaviy vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, "Transformation Pathways Initiative" (FP328) — 2026-yil oktyabr oyida Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan ma’qullangan xalqaro investitsiya dasturi. Uning umumiy moliyalashtirish hajmi 720 million AQSh dollarini tashkil etadi. Dastur imtiyozli iqlim moliyalashtirishi, xususiy investitsiyalar va texnik yordamni birlashtirishni nazarda tutadi. Alohida mamlakatlar uchun ajratiladigan moliyalashtirish hajmi investitsiya loyihalarini shakllantirish va tanlab olish jarayonida belgilanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring