Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati tobora ortmoqda» – Yaponiya elchisi

«O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati tobora ortmoqda» – Yaponiya elchisi

Vazir Baxtiyor Saidov va elchi Takashi Hatori.

Yaponiya hukumati O‘zbekiston bilan turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga soladi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda gapirdi.

Yaponiya milliy bayrami – Imperator tavallud topgan kun munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov qatnashdi.

«Hozirgi global vaziyatda O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati tobora ortib bormoqda. Yaponiya uchun Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari rahbarligidagi islohotlar orqali demokratiya va ochiq iqtisodiy siyosatni izchil rivojlantirayotgan O‘zbekiston qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni birgalikda barpo etishda muhim hamkordir», – dedi elchi T.Hatori.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yil davomida butun dunyo bo‘ylab pandemiya tufayli insoniy robitalar susaygan bo‘lsa-da, ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi almashuvlar, jumladan, parlament va hukumat tashriflari, iqtisodiy va madaniy almashinuvlar davom ettirilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2022 yil 29-30 aprel kunlari mamlakatimizga Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Hayashi  tashrif buyurdi. E’tiborga molik jihati, bu – Kunchiqar o‘lka tashqi ishlar vazirining so‘nggi 12 yil ichida O‘zbekistonga ilk tashrifidir.

O‘tgan yil oktyabr oyida O‘zbekistonning qadimiy kenti Samarqand hamda Yaponiyaning ko‘hna poytaxti Nara birodar shaharlar deb e’lon qilindi.

Yapon diplomati ushbu ikki hodisani hamkorlik borasida oldinga tashlangan katta qadamlar deb atadi.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yilda Yaponiyaga tashrifini yodga olgan elchi kelishuvlar doirasida iqtisodiyot va investitsiya sohalarida ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotganini urg‘uladi.

«Oxirgi yillarda Yaponiya kompaniyalari O‘zbekistondagi biznes loyihalariga katta umid bog‘lamoqda. Shu bois O‘zbekistonga avvalgidan ko‘ra ko‘proq yapon ishbilarmonlari tashrif buyurmoqda. Men Yaponiya kompaniyalari investitsiyalarini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettirish niyatidaman», – dedi diplomat.

Elchi O‘zbekistonda Yaponiya madaniyati keng omma e’tiborini qozongani, yapon tilini o‘rganuvchilar ko‘payib borayotganini ham mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 yil ichida 230 barobar o‘sgan. Yaponiya hukumatining imtiyozli kredit va grantlari asosida energetika, kimyo, neft-kimyo, infratuzilma, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qiymati 7 milliard dollardan ziyod bo‘lgan o‘nlab loyihalar hayotga tatbiq etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring