Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy gvardiyada «Saf tayyorgarligi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘linma» aniqlandi

Milliy gvardiyada «Saf tayyorgarligi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘linma» aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida «Saf tayyorgarligi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘linma» ko‘rik tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

«Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan ezgu g‘oya ostida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovda yangi Qurolli Kuchlar tizimida Saf nizomi ko‘rinishlari gvardiyachilar tomonidan amalda bajarib ko‘rsatildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning joriy yil 14 fevralda e’lon qilgan farmoniga muvofiq Qurolli Kuchlar tizimida yangi Saf nizomi ishlab chiqildi. Ushbu Saf nizomi asosida Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari ichida ilk marotaba Milliy gvardiya tizimida «Saf tayyorgarligi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘linma» ko‘rik-tanlovi 3 bosqichda, ya’ni harbiy qismlar, mintaqaviy va respublika bosqichi ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirning respublika bosqichi Jamoat xavsizligi universiteti bazasida o‘tkazilib, unda ishtirok etgan 11 jamoaning saf qoidalarini o‘zlashtirganligi baholandi. Musobaqa jarayonlarida yakka tartibda qurol va qurolsiz saf usullarini namoyish etish, saf qo‘shig‘ini tantanali aytib o‘tish, jangovar hayqiriq hamda qurol bilan ko‘rgazmali maxsus saf usullari kabi shartlar amalda bajarildi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari ishtirokidagi tantanali marosim «JAR» sport majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar e’tiboriga gvardiyachilar tomonidan tayyorlangan amaliy ko‘rgazmali chiqishlar  harbiy orkestr ishtirokidagi musiqali taronalar havola etildi.

«Saf tayyorgarligi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘linma» ko‘rik tanlovining respublika bosqichiga yetib kelgan va munosib ishtirok etgan jamoalar tomonidan saf nizomiga kiritilgan yangi saf usullarini mohirona  bajarilishi va Faxriy qorovul bataloni jamoasining namunali saf chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi. Mazkur ko‘rik-tanlovda tizimdagi gvardiyachi qizlar ham faol ishtirok etishdi.  

Yakunda g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, 3-o‘rin — Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmalari jamoalariga nasib etgan bo‘lsa, 2-o‘rinni — Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi qo‘lga kiritdi, faxrli 1-o‘rinni — «Sher» jamoasi egalladi.

G‘oliblar diplom va pul mukofotlari bilan munosib rag‘batlantirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring