Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ertaklardagi «yaxshi bola»lar yoxud Qimmatni nega yomon ko‘ramiz?

Ertaklardagi «yaxshi bola»lar yoxud Qimmatni nega yomon ko‘ramiz?

foto: Xabar.uz

Sakkiz yoki o‘n yoshda edimmi, aniq esimda yo‘q, boshlang‘ich sinfda o‘qirdim. Maktab kutubxonasidan ilk olib o‘qiganim ustida quyonchaning surati bor, o‘rtasi titilib, yirtilib ketgani uchun katakli oq qog‘oz bilan yelimlangan ertak kitob edi.

foto:https://livejournal.com

Uni ko‘rsatilgan muddatda yetkazib berish kerak edi, ammo kitobni sira qaytargim kelmagandi. Ertak quyon qo‘rqoqligi uchun o‘zini aybdor his qilishi haqida edi. Bu kitobni yaxshi ko‘rib qolishimga esa...

Uyimizga qarindoshimizning men tengi o‘g‘li mehmonga kelgan va biz ikkalamiz yangi sandiq kataklari ichiga mix bilan suratlar chizgan kunimiz sabab bo‘lgan...

– Mana bu sandiqni kim tirnab tashladi?

Otamning qattiq ovozidan qo‘rqib ketdim.

– Qani bu yerga kel-chi, senam kel, dedi mehmon bolaga otam. Qo‘lida pashsha urgich bor edi. «Qurol»ni havoga sermagancha otam yana o‘sha savolni qaytardi:

– Kim qildi buni, tan olinglar bo‘lmasa xafalashib qolamiz.

Men otamning jahlidan qo‘rqib indamadim, mehmon bola esa sekin ovozda «biz» dedi. Otam keskin ohangda: – Sen qiz shunaqa ish qilishga uyalmasdan yana uning ustiga qo‘rqoq ham ekansan-ku, necha marta aytganman boshingga qilich kelsayam to‘g‘ri gapir deb...

Otam bizni urmadiyu... Ammo qattiq-qattiq gapirdi. Ochig‘i o‘sha kuni rosa xafa bo‘lganman. Axir doimo menga yaxshi qiz bo‘lish kerakligi uqtirilganda. O‘zimni ayblaganman... otam endi meni yomon ko‘rishini, «qizim» demay qo‘yishidan qo‘rqqanman. Yana qo‘rqoqligim, yolg‘onchiligim uchun o‘zimni ayblaganman. Shunday kunlarning birida qo‘limga shu kitob tushib qolgan. Ya’ni qo‘rqoq quyon, u qo‘rqoqligi uchun o‘zini yomon ko‘radi va ayblaydi... Balki o‘zim bilmagan holda bola ongim bilan qalbimdagi og‘riqqa davo izlagandirman. Esimda qolgan mazmuni ertak oxirida quyonchaga onasi: «mening dovyuragim, qo‘rqmasvoyimsan, qanday bo‘lsang ham eng yaxshi bolamsan», deydi...

O‘shanda quyoncha o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rganman. Qo‘rqoq va yolg‘onchi bo‘lsam ham ota-onam meni yomon ko‘rmasligiga ishongim kelgandir balki...

Bolalar adabiyoti bizning eng og‘riqli muammomiz. Chunki bolalar haqidagi kitoblarning ko‘pchiligi pand-nasihatlarga boy. Ammo bugun mutaxassislar nasihatli kitoblar bolalar uchun foydali emasligini isbotlamoqda.

«Bolani axloqqa chaqirish emas, ramz orqali qo‘rquvini yengishni ko‘rsatish kerak», deb hisoblaydi amerikalik psixolog Bruno Bettelxaym. Olimning fikriga ko‘ra, bola pand-nasihatli matnni qalbdan qabul qilmaydi, faqat «kattalar tili», deb hisoblaydi.

Jak Zipes (Breaking the Magic Spell) «Sehrli afsunni buzish: xalq ertaklarining radikal nazariyalari» kitobida esa bunday ertaklarni bolalarga ruhiy bosim o‘tkazish deb ta’kidlaydi.

Haqiqiy bolalar adabiyoti haqida gap ketganda Richard Amatoning so‘zlariga ko‘ra, tasavvur va ijodkorlikni rivojlantirish orqali bolalar yangi g‘oyalarni kashf etishlari, o‘z maqsadlariga erishish uchun shaxsiy motivatsiyani oshirishlari mumkinligiga e’tibor qaratadi.

Keyingi paytlarda bizning adabiyotshunoslar ham bolalar asarlari qanday bo‘lishi kerakligi haqida bong urishmoqda.

Bolalar adabiyoti qanday bo‘lishi kerak?

Bu haqida «Mutolaa» loyihasi badiiy muharriri Sa’dullo Quronov facebook sahifasida shunday deb yozadi: «Zamonaviy bolalar adabiyoti nafaqat cho‘pchak aytishi, balki bolaning ruhiy quvvat manbaiga aylanishi, uni jamiyatga moslashtirishi, mustaqil fikrlash va ijtimoiy ko‘nikmalarini shakllantirishi kerak. Ayniqsa, unda ilmiy metodlarga tayangan ta’limiy yondashuv bo‘lishi zarur.

Shu ma’noda, biz ko‘pincha o‘zbek bolalar adabiyotida hanuz an’anaviy didaktika hukmron deb aytib kelyapmiz. Ya’ni asarlarimizda yaxshi qahramon tug‘ilgandan yaxshi, yomonlar esa o‘zi shunday… Yechim ham jo‘ngina,  yomonlarning «boshi tanasidan judo etiladi». Kreativroq holatlarda ikki boshli ajdahoga yem bo‘ladi. Aslida bu bolaga hayotning murakkabligini emas, faqat soddalashtirilgan axloqiy formulani o‘rgatadi, xolos.

Masalan, hamon biz uning an’analaridan chiqib ketmagan «Zumrad va Qimmat» ertagini oling.

foto:Skids uz https://www.youtube.com/

Unda murakkab xarakterlar yo‘q: biri butkul «oq», biri «qora». Ertakdagi ziddiyatlar zamonaviy ijtimoiy munosabatlar va bola ruhiyatiga mos tarzda talqin qilinmaydi. Ya’ni real hayotda shu kabi oilada yashaydigan bolaga yordam bermaydi. Qaytaga, jazolash bola uchun muhim motivga aylanadi. Uning tasavvurida «yaxshi odamlar bor va ular doim yaxshi, yomonlar ham bo‘ladi va ular doim yomon» degan ibtidoiy adabiyotga xos tushuncha mustahkam shakllanadi.

Yo‘q, an’anaviy ertaklar kerak emas, deganim yo‘q, bu muhim! Faqat ular muzey eksponatlari kabi. Ya’ni o‘zligimizni, adabiyotimizni tushunish uchun ma’lum darajada kerak. Lekin zamonaviy bolani tarbiyalash, unga nimalarnidir o‘rgatishga deyarli yaramaydi. Buni farqlab olishimiz shart.

Agar biz «Zumrad va Qimmat» kabi ertaklarni romantizatsiya qilishni, bola o‘qishi zarur birlamchi adabiyot sifatida taqdim qilishni bas qilmas ekanmiz, zamonaviy adabiyot ham rivojlanmaydi. Shuncha ertagimiz bor, oldin shularni o‘qib olsin yoki shularni qayta-qayta nashr etaylik deb yuraveramiz. Eski an’analarga sodiqligimiz sabab, bolalar adabiyoti – bu faqat tarbiya vositasi degan gegemon tasavvurdan ham qutila olmaymiz...»

«Menimcha bu postni bolalar adabiyotiga aloqador har kim o‘qib chiqishi kerak», deb yozadi o‘z sahifasida Dinara Mo‘minova.

Yozuvchi muallifning fikrlarini to‘ldirish asnosida bolalar adabiyotiga qanday mavzular yetishmayaptganini ham ta’kidlab o‘tadi:

«Bola kamchiligi bilan jamiyatda qabul qilinishi, ijtimoiy munosabatlarga qiynaladigan bolalarning ichki kechinmalari, otasining boshqa oilasi va bolalari haqida bilib qolgan, ota-onasi musofirchilikda pul topayotgan bolaning kechinmalari haqida kitoblar kerak. Bizda yana birinchi sevgi, o‘zini kamsitish, otasi doim kamsitgan o‘g‘il bola, onasi doim siltab, mehrsiz o‘sayotgan qizlar haqidagi asarlarga ehtiyoj bor. Uyida doim janjalga guvoh farzandlar, jismoniy muammosi (allergiya, qand kasalligi, autizmning dastlab ko‘rinishi, maxsus ehtiyojlarga egalik...) bor bolalar bilan maktabdagi munosabat haqida, kutilmagan o‘limga guvoh bo‘lgan bolalarning qalb kechinmalari va uyga borishga qo‘rqadigan bolalar, ota-onaning sovuq munosabatida qiynalayotgan, o‘zida kuch topa olmaydigan, onasi ruhiy muammolardan aziyat chekayotgan, yaxshi bo‘lishni istab, bo‘la olmayotgan bolalar yo‘qmi, ular o‘z muammosiga qayerdan javob topishi kerak? Bu mavzularning cheki yo‘q. Ular haqidagi kitoblar fantastika, fentezi, hikoya, komiks janrida bo‘lishi mumkin. Qahramonlar o‘zga sayyoraliklarmi yoki  atrofimizdagi bolalar bo‘ladimi farqi yo‘q.

Dinara Mo‘minova fikrini davom ettirib shunday deydi: «Bunday kitoblar bolalarni ular dunyoda yolg‘iz emasliklarini, kechinmalarini hech bo‘lmasa mana shu muallif tushunayotganini, yordam so‘rashga haqli ekanliklarini anglashlari, ularning muammolari haqida suhbat qurishi va ulardan chiqib olish uchun yo‘l ko‘rsatishi kerak.»

Muallifning fikriga ko‘ra, yordamga muhtoj bolalarga faqat odobli qahramonlarga ega kitoblar tutqazilganda o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada pasayadi, o‘ziga bo‘lgan nafrat yanada oshadi. O‘zidan nafratlanadigan insondan xavfliroq inson yo‘q jamiyatda.

Tarbiya va  chegaralar bolalarga kerak...

«Buni pedagog sifatida, ona sifatida ham ta’kidlayman. Chegaralar va tarbiya ko‘rmay o‘sgan bolalar jamiyatda juda qiynaladilar»,  — deydi Dinara Mo‘minova «Bolalar yozuvchisi» telegram kanalida bahs-munozaralarga o‘z munosabatiini bildirish asnosida. «Ammo didaktikadan hech voz kecha olmayotganimiz ham haqiqat. Misol uchun qadimgi ertagimizda Qimmatni ajdarho yeydi, lekin Qimmat aybdor emasku.... Axir muallif unga yordam berishi, nega Qimmat bunday bo‘lib qolgani haqida fikr yuritib ko‘rishi kerak emasmi?

Qancha muammosi bor bolalar o‘smirlik paytidan yomon yo‘lga kiradilar, yomon ishlar qiladilar.... ko‘pchiligi bunday yomon bo‘lishlariga hayot emas, balki ota-onalarning e’tiborsizligi sabab. Bu bolajonlarga muallif yaxshi bo‘l, desa ular shu kitobni o‘qiydilarmi? Balki muallif «seni tushunaman», «senga qiyin», «lekin sen kuchlisan», «sening oldingda mana bunday yo‘l ham bor», desa bola taskin topar, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rar? Axir yomon yo‘lda yurgan bola yaxshi bo‘lishiga kuchi ham,bilimi ham yetmaydiku. Lekin har bir bola ich-ichida doim yaxshi bo‘lishni istaydi. Ota-onasi tomonidan yaxshi ko‘rilishni istaydi, lekin unda tajriba yo‘q, qanday qilib yaxshi bo‘lsin? Unga ota-onasi o‘rgatmagan, vaqtini, mehrini ajratmagan yoki qo‘rqitib tarbiyalagan bo‘lsa... Bugungi bolalarni qo‘rqitib tarbiyalab bo‘larmikin? Yoki bolaga «unday bo‘l, bunday bo‘l» deyishning biron pedagogik samarasi bormi?..

E’tiborsiz qolgan bolalarni odobga chorlashdan foyda yo‘q, samara yo‘q, ularga yozuvchilar yordam bera olishi mumkin. Bu esa faqat suhbat orqali bo‘ladi. Bola, ayniqsa o‘smir muallif unga yuqoridan qarayotganini sezsa, uning kitobini o‘qimaydi, u bilan suhbatlashmaydi. Asarlarni faqat e’tibor va mehrda o‘sgan bolalar o‘qisa boshqa gap, lekin jamiyatda turli xil oilalar bor va ularda o‘sayotgan har bir bola kitob o‘qishi va yordam olishi kerak, deb o‘ylayman. Koreyada milliondan ortiq adad bilan sotilgan, ko‘plab tillarga tarjima qilingan «Bodom» nomli kitob  haqida internet orqali o‘qib ko‘ring, balki ko‘zingizga yosh keladi...»

Ushbu muhokama va mulohazalarni kuzatish asnosida «Bodom» kitobini o‘qishga kirishdim...

«Bodom» nima haqida?

Koreyalik yozuvchi Son Von Pxyonning ilk romani «Bodom» asari to‘rt qismdan iborat bo‘lib, har biri bosh qahramon hayotining muayyan bosqichini aks ettiradi. Birinchi qism qahramon bilan tanishuv, uning bolalik xotiralari bilan boshlanadi. Asar qahramoni 18 yoshli Yun Chje hikoyani boshlar ekan, uning oxiri baxtlimi yoki qayg‘ulimi o‘zi ham aniq bilmasligini ta’kidlaydi. Olti yoshida unga «aleksitimiya» (insonning miyasida his-tuyg‘ularga javob beradigan bodomcha) tashxisi qo‘yiladi – bu inson his-tuyg‘ularni his qilish va tanib olishda qiynaladigan ruhiy holat.

 

foto: https://www.aladin.co.kr/events/ 

Yun Chjening oilasi uni jamiyatga moslashtirish uchun bor kuchini ishga soladi. Uy bo‘ylab stiker-eslatmalar yopishtirilgan: qaysi holatda qanday emotsional reaksiya qilish kerakligini o‘rgatish uchun. Chunki koreys jamiyatida yaxshi yashash uchun eng muhimi – hech kimdan farq qilmaslik, «normal» bo‘lish, «faqat ajralib turmasang bo‘ldi», degan qarash bor.

Ikkinchi qismda Yun Chje kattalar hayotining og‘ir haqiqatlari bilan yuzma-yuz keladi, uni doim qo‘llab-quvvatlagan, ertak o‘qib berib, qo‘lidan ushlab yurgan yaqinlaridan ayriladi. Endi uning asosiy maskani kitoblar do‘koni bo‘lib qoladi.

Katta sinfga o‘tganida u ilk bor do‘st orttiradi. Gon — taqdiri og‘ir, hissiyotli, o‘z ichki «men»iga qarshi kurashayotgan yigit bilan. Ular munosabatining paradoksi shundaki, ikkalasi bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydi, ammo har biri o‘zida yo‘q narsani orzu qiladi. Gon his-tuyg‘usiz bo‘lishni orzu qiladi, chunki u his tuyg‘ularini boshqara olmaydi. Yun Chjega esa qo‘rquv notanish his. Ammo aynan qo‘rquvning yo‘qligi uning ko‘plab tavakkalchiligiga sabab bo‘ladi.

Uchinchi qism eng ta’sirlisi. Chunki hislarni taniy olmaydigan bola uchun ham shunday on keladiki, u oqibatini o‘ylamay kimgadir ishonmoqchi bo‘ladi ya’ni go‘yoki sevib qoladi.

«Bodom» fasllar bilan uyg‘un tarzda rivojlanadigan asar. Qahramonning eng yoqimli holatlari quyoshli yoz kunlari bilan bog‘liq. Qorli dekabrda esa uning hayotini butunlay o‘zgartirib yuborgan fojea ro‘y beradi. Bahor Yun Chje uchun o‘zining boshqalardan farqini eng qattiq his qiladigan davr. Kech kuz esa, aksincha, uning tamoman yangi qiyofada namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ladi –   u ilk bor chindan yig‘lay oladi va chindan kulganday bo‘ladi.

Yaxshi bola bo‘lish qiyinmi?

Bolalar uchun yozilgan kitoblarimiz «ota-onani hurmat qil», «yolg‘on gapirma», «yaxshi bola bo‘l», «kattalarga quloq sol»ishga undaydi, ya’ni avvalida xulosa, keyin shunga moslab hayotdan misol keltiriladi. Ko‘pincha bolaga qanday gapirish, qanday yurish, qanday o‘ylash kerakligi o‘rgatiladi. Lekin zamonaviy bola shu qadar oddiy o‘ylaydimi? Uni pand-nasihat yoki qoralash, maqtash bilan tarbiyalab bo‘ladimi? Qahramonlar juda aniq ikkiga bo‘linadi – bu yaxshi, bu yomon. Yaxshi bola hech qachon adashmaydi, yomon bola hech qachon tuzalmaydi. Holbuki, hayotda inson hamisha ikki oraliqda yashaydi.

«Bodom kitobida» aksincha avvalida hayot, oxirida xulosa. Bu yerda hech kim senga: «Sev, lekin me’yor bilan sev» demaydi. «Qo‘rquv yaxshi yoki yomon», deb ham tushuntirmaydi. Va aynan shu bolalar adabiyotining zamonaviy tamoyili. Asar bolaga «qanday yashashni» emas, «qanday his qilishni» o‘rgatadi, his qilmaslik qanday og‘ir ekanini, sevgi qanday tug‘ilishini, qo‘rquv nega kerakligini ichidan ko‘rsatadi. Bu mutaxassislar tili bilan aytganda empatiya orqali tarbiya.

Yun Chjeni shunchaki yaxshi bola deb tan olmaysiz, u shunchaki his qilmaydigan bola. Gon yomon bola emas, u ichki og‘riqlar bilan yashaydigan, hissiyotlarini yashirmaydigan bola. Ular bir-biriga qarshi qo‘yilmagan, balki bir-birini to‘ldirib turadigan ikki inson sifatida berilgan. Bola bu yerda shunday xulosaga keladi: insonni «yaxshi» va «yomon»ga ajratib bo‘lmas ekan-da.... Bu esa bolani hayotga soxta qarashdan saqlaydi.

Asar davomida tayyor xulosa yo‘q. Lekin kitob tugagach, o‘quvchi qalbida og‘ir-og‘ir savollar qoladi: His qilmaslik baxtmi yoki fojea? Qo‘rquv haqiqatan ham keraksizmi? Sevgi insonni qutqaradimi yoki uni orqaga tortadimi? Aynan shu savollar bolada empatiyani paydo qiladi, ya’ni boshqalarni va o‘zini tushunishni o‘rgatadi. Aynan shu tarbiya usuli orqali bola faqat qoidalarni bajaradigan itoatkor emas, balki boshqani tushunishga qodir inson bo‘lib shakllanadi.

***

Yoshligimda o‘qigan o‘sha quyonlar haqidagi ilk kitobdan keyin qanchadan- qancha ertaklar, asarlar o‘qidim. Ammo hali-hanuz o‘sha titilib ketgan kitob muqovasidagi surat — shalpangquloq quyonning mungli qarab turgan ko‘zlarini unutolmayman...

                                                                                     Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring