Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Falastin–Isroil: jin ko‘zadan chiqdi! Dunyo davlatlari qanday pozitsiyada?

Falastin–Isroil: jin ko‘zadan chiqdi! Dunyo davlatlari qanday pozitsiyada?

7 oktyabr kuni HAMAS kuchlari Isroilga qarshi «Al-Aqso bo‘roni» deb nomlangan harbiy amaliyot boshlaganini e’lon qildi. Isroil tomon yuzlab raketa uchirilgan. HAMAS kuchlari Isroil hududiga kirib, bir qancha harbiy post va aholi punktlarini egallagan. Shuningdek, harbiylar va tinch aholi vakillari garovga olingan. «Al-Aqso bo‘roni» operatsiyasi Isroilning Al-Aqso masjididagi «qizil chiziqlar»ni bir necha bor buzganiga javob ekani aytilmoqda.

Isroil oshig‘ich ravishda «Temir qilichlar» aksilterror operatsiyasini boshlagan. Tel-Aviv ma’muriyati G‘azo sektoriga aviatsiya orqali hujumlarni amalga oshirmoqda. Umumiy safarbarlik e’lon qilinib, zaxiradagi harbiylar xizmatga chaqirilmoqda: Isroil G‘azo hududida quruqlik orqali harbiy amaliyot  boshlashi mumkin. G‘azodagi minglab aholi Isroil tomonidan o‘qqa tutilgani sababli boshpanasini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.

Rasmiylar ikki o‘rtadagi to‘qnashuvlarni chinakam urush deb atamoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, o‘zaro qurolli ziddiyatlarda 250 ga yaqin isroillik va 232 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Harbiy harakatlar ketayotgan pallada raqamlarni tekshirish imkonsiz.

Falastin va Isroil ziddiyati yana qayta kuchayishi, mintaqada urush yuzaga kelgani borasida dunyo davlatlari turlicha  munosabatda bo‘lmoqda. Isroilga an’anaviy ravishda ittifoqchi bo‘lgan davlatlar uni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, yana ayrim davlatlar tomonlarni vazminlikka chorlamoqda. Yana ayrimlar esa yuzaga kelgan taranglik va xunrezlikda Isroilning Falastinga nisbatan biryoqlama siyosatini sabab o‘laroq ko‘rsatmoqda.

Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi. «Isroilning zo‘ravon va mutaassib siyosatni davom ettirishi yashirin bomba kabi ta’sir ko‘rsatadi, yaqin istiqbolda mintaqada barqarorlik o‘rnatish imkonini yo‘qqa chiqaradi», – deydi ADL rahbari.

AQSh «HAMASning Isroilga dahshatli terrorchilik harakatlarini» qoralagan. Jo Bayden bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqotda Qo‘shma Shtatlar Isroilga urush uchun har qanday ko‘makka tayyorligini bildirgan.

BMT har ikki tomonni bosiqlikka undagan. «Bosh kotib (Antoniu Guterrish) tinch aholi taqdiridan chuqur xavotirda va imkon qadar vazmin bo‘lishga chorlaydi. Xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq, tinch aholi vakillari hamisha hurmat va himoyaga loyiqdir», – deb bayonot bergan BMT rasmiy vakili  Stefan Dyujarrik.

Braziliya tashqi ishlar vazirligi «Isroilda amalga oshirilgan portlashlar va quruqlikdagi hujumlar»ni qoralab, tomonlarni taranglikni kuchaytirmaslikka da’vat qilgan. Ayni paytda BMT Xavfsizlik kengashida raislik qilayotgan Braziliya kengashning favqulodda majlisini o‘tkazmoqchi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli uning mamlakati «HAMASning Isroil fuqarolariga dahshatli hujumini keskin qoralashi»ni ta’kidladi. «Buyuk Britaniya Isroilning o‘z-o‘zini himoya qilish huquqini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi», – deb bayonot bergan rasmiy London vakili.

Germaniya «G‘azo sektoridan Isroilga qarshi amalga oshirilgan teraktlarni keskin» qoralagan. «Biz G‘azodan raketalar uchirilgani va zo‘ravonlik avj olganidan qattiq xavotirdamiz. Germaniya HAMASning bu hujumlarini qoralaydi va Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi», – deb bayonot bergan kansler Olaf Shols.

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel garovga olingan isroilliklarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan. Unga ko‘ra, HAMASning hujumi «Isroil xalqini g‘am-anduhga solib» qolmay, «taranglikni yanada kuchaytiradi va Falastin manfaatlariga ham ziyon keltiradi».

Iordaniya tashqi ishlar vazirligi vaziyat beqarorligidan ogohlantirib, «G‘arbiy sohildagi shahar va qasabalarda amalga oshirilayotgan Isroil hujumlari va falastinliklar huquqlari buzilishi»ni yodga olgan.

Kuvayt vaziyat yuzasidan jiddiy xavotir bildirar ekan, Isroilning Falastinga nisbatan siyosatini tanqid qilgan. Ko‘rfaz davlati tashqi ishlar vazirligi Isroilni «okkupatsiya siyosatini to‘xtatish»ni chaqirgan. 

Livandagi «Hizbulloh» guruhi so‘nggi hodisalarni «Isroilning uzoq muddatdan buyon davom etayotgan bosqiniga javob» deb atagan.

Misr ikki o‘rtadagi taranglikning ortishi jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishidan xavotir bildirgan. Qohira har ikki tomonni «imkon qadar og‘ir-vazmin bo‘lish va tinch aholi vakillari hayotini xavfga qo‘ymaslik»ka undagan.

NATO «terror erkin jamiyat uchun jiddiy tahdid» va «Isroil o‘zini mudofaa qilish huquqiga ega» deb hisoblaydi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «Isroilga uyushtirilgan terrorchilik harakatlarini keskin qoralanishi»ni ta’kidlab, Tel-Aviv bilan birdamlik izhor qilgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyatni to‘xtatishga chaqirdi.

«Biz barcha tomonlarni bosiqlikka va keskinlikni kuchaytiruvchi harakatlardan qochishga chaqiramiz», – degan Erdo‘g‘on. Ciyosiy yetakchi, ayni choqda, Al-Aqso masjidiga qarshi har qanday harakatlarga qarshi ekanini bildirgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga ko‘ra, 75 yildan buyon davom etayotgan Falastin–Isroil ixtilofini kuch bilan hal etib bo‘lmaydi. Rasmiy Moskva xalqaro huquqiy me’yorlarga ko‘ra poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan, 1967 yilgi chegaralar doirasida mustaqil Falastin davlati tuzilishi lozimligini urg‘ulagan.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi ta’kidicha, tomonlar zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatishi lozim. «Biz Falastin guruhlari va Isroil okkupatsion kuchlari o‘rtasidagi bir qator frontlarda zo‘ravonlikning kuchayishiga olib kelgan misli ko‘rilmagan hodisalarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz», – deyiladi bayonotda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy HAMASning hujumini «terrorchilik harakati» deb atab, «Isroilning o‘z-o‘zini himoya qilish huquqi shubha ostiga olinishi mumkin emas»ligini ta’kidlagan.

Eron tashqi ishlar vazirligi o‘z ittifoqchisi HAMAS kuchlarining hujumini falastinliklarning Isroil okkupatsiyasiga qarshi ishonchli harakati deb baholagan. Ayrim axborot agentliklari Eron oliy rahbari maslahatchisi Rahim Safaviyning Tehron «Falastin va Quddus ozod bo‘lgunga qadar ko‘makni davom ettirishi» haqidagi fikrini keltirmoqda.

Qatar tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotda mintaqadagi keskinlik va Falastin xalqiga nisbatan zo‘ravonlik uchun Isroil aybdor ekani ta’kidlanadi. Rasmiy Dohaga ko‘ra, oxirgi hodisalar Isroil tomonidan G‘azodagi falastinliklarga nisbatan noteng urush olib borishga bahona bo‘lmasligi kerak.

Xo‘sh, o‘zaro urushga kirishgan tomonlar qanday fikrda?

Falastin prezidenti Mahmud Abbos uning xalqi Isroilning okkupatsion armiyasi va terroridan himoyalanish huquqiga ega ekanini ta’kidlagan.

HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya G‘azodan boshlangan hujum Isroil ishg‘oli ostidagi G‘arbiy sohil va Quddusga ham ko‘chishidan ogohlantirgan. «Isroil bosqinchilari barcha yo‘nalishlarda harakat qilib, G‘azoda falastin xalqiga hujum uyushtirmoqda. Lekin biz xalqimiz va muqaddas yerimizni mudofaa etishda sobitmiz, ular uchun qilich va qalqon bo‘lamiz», – deya hodisalarga munosabat bildirgan I.Xoniya.

7 oktyabr kungi navbatdagi tashqari yig‘ilishda Isroil xavfsizlik kengashi HAMASning harbiy va siyosiy salohiyatini yo‘q qilish rejasini ma’qullagan. Tel-Aviv uzoq va mashaqqatli urushga kirishganini ma’lum qilgan. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMASning harbiy amaliyotidan so‘ng Falastin anklavini «kimsasiz orol»ga aylantirish bilan tahdid qildi va tinch aholini uylarini tark etishga chaqirgan.

«Biz bu kun uchun qasos olamiz. Biz HAMASning barcha pozitsiyalariga hujum qilamiz. G‘azoni kimsasiz orolga aylantiramiz. G‘azo fuqarolariga murojaat qilaman. Siz hozir ketishingiz kerak. Biz nishonga olamiz», – degan Isroil rahbari.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Isroil ko‘p yillardan buyon qamal sharoitida kun kechirayotgan G‘azo hududiga elektr energiya uzatishni to‘xtatgan, yonilg‘i va mahsulotlar yetkazish yo‘li ham yopilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring