“Shimoldan esgan sovuq shamol”. Rossiyalik yana bir propagandachi O‘zbekistonga til tekkizdi
Rossiyalik faylasuf va siyosatshunos Aleksandr Dugin postsovet makonida mustaqil davlatlar davri ortda qolgani haqidagi iddaoni ilgari surar ekan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlarning suverenitetini shubha ostiga oldi.
Dugin “dunyoning yangi modeli”da postsovet makonda suveren davlatlar mavjud bo‘la olmasligini ta’kidlab, Moskva nazoratida yangi ittifoqni tuzish kerakligini urg‘ulagan.
O‘zbekistonlik tahlilchi va ekspertlar Aleksandr Duginning buyuk davlatchilik hidi anqib turgan bayonotiga keskin e’tiroz bildirmoqda.
“Rossiya axborot maydonida Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetiga qarshi qaratilgan tajovuzkor ritorika to‘xtash o‘rniga, yangi va yanada xavfli tus olmoqda. Hali Vladimir Solovyovning mintaqa davlatlariga qarshi “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazish haqidagi tahdidlari jamoatchilik xotirasidan o‘chmasdan turib, sahnaga “rus dunyosi”ning asosiy mafkurachilaridan biri hisoblangan Aleksandr Dugin chiqdi. Uning so‘nggi chiqishlari shunchaki hissiyotli jurnalistning gapi emas, balki mustaqil davlatchilik asoslarini inkor etuvchi mafkuraviy hujum sifatida baholanmoqda... Uning mustaqil davlatlarni “o‘tmish qoldig‘i” deb atashi nafaqat diplomatik odobga, balki xalqaro huquqning barcha normalariga tupurish bilan barobardir...
Shimoldan kelayotgan bunday “sovuq shamollar” bir haqiqatni yana bir bor eslatmoqda: Mustaqillik – bu “sovg‘a” emas, balki har kuni, har soatda himoya qilinishi kerak bo‘lgan oliy qadriyatdir. Rossiya propaganda mashinasining bugungi hujumlari ertangi real xavfga aylanmasligi uchun mintaqa davlatlari nafaqat ogoh bo‘lishi, balki o‘z suvereniteti masalasida qat’iy va yakdil pozitsiyada turishi shart. Zero, o‘zligini himoya qila olmagan davlatlar, Dugin aytmoqchi bo‘lganidek, tarix arxiviga uloqtirilish xavfi ostida qoladi – ammo O‘zbekiston bu ssenariyni allaqachon rad etgan”, – deb yozdi tahlilchi G‘ayratxo‘ja G‘afforxo‘ja o‘g‘li.
“Rossiyalik propagandachilarning ketma-ket chiqishlari tasodif emas, bu individual fikr ham emas, bu – juda aniq xavfli, mafkuraviy signal. Kecha Solovyovning Markaziy Osiyoda “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazish haqidagi chaqirig‘i, bugun esa Dugin bergan mana bu bayonot Rossiya siyosiy doiralarida postimperial tafakkur hanuz tirik ekanini yana bir bor isbotlamoqda.
Bunday sharoitda “sodda, yumshoq diplomatiya” ishlamaydi, chunki kuch siyosatini targ‘ib qilayotgan tomon faqat kuchni va qat’iy pozitsiyani tan oladi. Ozarboyjon misolida buni ko‘rdik.
Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat rahbariyati tushunishi kerak: suverenitetimizning ochiq inkor etilishini javobsiz qoldirish xavfsizlik vakuumini yuzaga keltiradi. Doimiy sukut – betaraflik yoki bosiqlik emas, balki zaiflik sifatida qabul qilinadi.
Shu sabab, yana qaytaraman, birinchi va eng tabiiy javob sifatida bunday chaqiriqlar bilan chiqqan shaxslarni “persona non grata” deb e’lon qilishni boshlang. Ortiq kutish mumkin emas.
Ikkinchi bosqichda esa urush va bosqinchilik mafkurasini targ‘ib qilayotgan Rossiya telekanallarini O‘zbekiston hududida bloklash kabi axborot xavfsizligi richaglarini ishga solaylik. Agar bu aniq choralar ham samara bermasa, keyingi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan, jamoaviy va ochiq siyosiy javobi kun tartibiga chiqishi lozim. Yumshoq diplomatiya emas, ongli, prinsipial va izchil pozitsiya – mintaqaviy barqarorlikning yagona kafolati bo‘la oladi”, – deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.
“Bugungi RFning fashistik va imperialistik da’volarini ko‘rib, nima uchun avvalgi tuzum vaqtida bizning qo‘shnilar bilan munosabatlarimiz sovuq bo‘lganini tushunib boryapman. Markaziy Osiyodagi ittifoqchilarimizda harbiy va iqtisodiy mustaqillik yo‘qligi yetmaganidek, har bittasida Rossiya harbiy bazalari mavjud. Ya’ni, O‘zbekiston bugun to‘rt tomondan rus harbiylari bilan qurshab olingan, atrofimizdagi elita ham doim rusparastlardan iborat bo‘lib kelgan. Qolaversa, yillar davomida Moskvaning mintaqada iqtisodiy ta’siri ham kuchayib boravergan. Karimovning YeOII haqida aytgan o‘sha mashhur iqtibosini eslab qo‘yishning ayni vaqti: “Ular faqat iqtisodiy bozor yaratayotganini, bu suverenitet va mustaqillikka hech qachon daxl solmasligini aytishyapti. Lekin, ayting-chi, iqtisodiy mustaqilliksiz siyosiy mustaqillikka erishish mumkinmi?”
E’tibor bering, Dugin aynan O‘zbekistonni nishonga olib gapiryapti. U: “Yo bizning ta’sir ostimizdagi mamlakatlar umumiy ittifoqqa qo‘shiladi yoki AQSh va Yevropa uchun harbiy platsdarmga aylanadi”, deb aynan bizni aytyapti. Chunki Markaziy Osiyo mamlakatlari allaqachon Rossiyaning sun’iy YeOII va KXShT kabi ittifoqlariga qo‘shilib bo‘lgan. Yagona suveren hudud bu yerda faqat bizmiz.
Tasavvur qiling, agar Moskvaning o‘zi bugun bizning ahvolimizga tushganida, ya’ni uning atrofini NATO harbiy bazalari qurshab olganida qanday reaksiya bildirgan bo‘lar edi? Ukrainadagi urushni shu sabab boshlamaganmidi? Biz bu borada yillar davomida ancha diplomatik va pragmatik yo‘l tutganmiz, ayniqsa ikkinchi ma’muriyat davrida. To‘g‘ri, biz hozir istasak ham balki Rossiya kabi kuch pozitsiyasini namoyish eta olmasmiz, chunki yillar davomida Kremldagi og‘alarni xafa qilmaslik uchun ataylab qo‘shinlarni modernizatsiya qilmadik, mudofaani zamonaviy qurol-aslahalar bilan to‘yintirmadik. Hech bir qurolli harakatlarga qo‘shilmadik, doim neytral pozitsiyani saqlab keldik. Rossiya esa bu vaqtda o‘z harbiylarini Markaziy Osiyoda joylashtirib, atrofimizda kengayib boraverdi. Mana bugun endi Kreml “laychalari” xohlaganicha bizga tahdid qilishi mumkin. Biz esa indamay “yeb yuboradigan” pozitsiyadamiz...
Lekin, bir narsa xursand qiladi, Rossiya o‘zining agressiv ritorikalari bilan yillar davomida birodar ukrain xalqini qanday qilib o‘zidan sovutgan bo‘lsa, bugun MO aholisi ham xuddi shu tariqa ulardan bezib ketyapti”, – deb yozdi Telegramdagi “Fayzbog‘” kanali.
“Aleksandr Dugin – akademik muhitdan chiqqan shaxs, u olim sifatida o‘z qarashlariga ega bo‘lishi tabiiy. Shu ma’noda, har bir gapini favqulodda “hujum” yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy signal sifatida qabul qilib, ortiqcha reaksiya qilish ham shart emas. Ortiqcha, hissiyotga to‘la reaksiya qanchalik ko‘p bo‘lsa, tashqi tomondan shunchalik zaif ko‘rinamiz. Buni Game of Thrones serialidan bir epizod yaxshi ifoda qiladi. Yosh podshoh Joffri bobosi Tayvin Lannisterga qattiq ovozda: “Men podshohman”, deb aytadi. Tayvin esa javob beradi: “Kim o‘zini ‘men podshohman’ deb aytishga majbur bo‘lsa, u haqiqiy podshoh emas”.
Xalqaro siyosatda ham shunga o‘xshash qoida bor: kim suverenitet haqida baqirib gapirsa, ko‘pincha uning o‘zi suveren emasligini namoyon qiladi. Haqiqiy suverenlik bayonotlarda emas, qaror qabul qilish qobiliyatida va amaliy mustaqillikda ko‘rinadi. Lekin bu uni aytgan fikrlarni mutlaqo inkor etish yoki e’tiborsiz qoldirish kerak degani emas. Chunki Dugin – shunchaki marginal publitsist emas, balki Rossiyadagi geosiyosiy tasavvurlarni shakllantirgan asosiy ideologlardan biri”, – deb yozdi siyosatshunos Otabek Akromov.
Ma’lumot o‘rnida: Aleksandr Dugin “Russkiy mir” ideologiyasi muallifi hisoblanadi. Uning targ‘ibot nazariyasiga ko‘ra, Yevroosiyo ittifoqi integratsiyalashuvi orqali, Rossiya sobiq ittifoq respublikalari bilan birgalikda yangi – Yevroosiyo superdavlatini yaratishi kerak.
Dugin avvalroq Qozog‘iston tomonidan istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni rossiyalik yana bir propagandachi Vladimir Solovyov Rossiya Armaniston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida maxsus harbiy amaliyot o‘tkazishi haqidagi da’voni ilgari surgan, bunga javoban “It hurar, karvon o‘tar” maqoli esga olingan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter