Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent Kremlga siyosiy signal yo‘lladi

Toshkent Kremlga siyosiy signal yo‘lladi

Foto: TASS

O‘zbekiston suverenitetiga nisbatan kuchayib borayotgan mafkuraviy bosim sharoitida rasmiy Toshkent tashqi siyosatda keskin ritorikaga asoslangan reaksiya emas, balki diplomatik muvozanat va strategik hisob-kitobga tayangan javob modelini shakllantirmoqda, deb hisoblaydi mahalliy tahlilchilar.

Xabaringiz bor, so‘nggi vaqtlarda rossiyalik ayrim propagandachilar O‘zbekiston mustaqilligiga qarshi bayonotlar bermoqda. Jumladan,  faylasuf va siyosatshunos Aleksandr Dugin postsovet makonida mustaqil davlatlar davri ortda qolgani haqidagi iddaoni ilgari surar ekan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlarning suverenitetini shubha ostiga oldi. 

Tahlilchi Jahongir Hakimovning fikricha, 20 yanvar kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiya–O‘zbekiston Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining to‘rtinchi yig‘ilishi va “4+4” mexanizmi doirasidagi uchrashuvlar Rossiyada imperiyachilik ruhi kuchayishi fonida Kremlga yuborilgan signal hisoblanadi.

“Uchrashuvning ahamiyati faqat muhokama qilingan masalalar bilangina cheklanmay, balki delegatsiyalar tarkibida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov, Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammadov va Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning bir vaqtda ishtirok etishi O‘zbekiston xavfsizlik blokining yagona siyosiy mantiq asosida harakat qilayotganini ko‘rsatdi. Turkiya tomonidan esa Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya, Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler, MİT rahbari Ibrohim Kalin va Mudofaa sanoati rahbari Haluk Gorgun ishtirok etdi. Mazkur holat tashqi siyosat doktrinasi bilan milliy xavfsizlik amaliyoti o‘rtasidagi strategik sinxronlashuvning yaqqol ifodasidir”, – deb yozadi Jahongir Hakimov.

O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida xavfsizlik, tashqi siyosat va global jarayonlar bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilingan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan ham qabul qilindi.

“Rossiya axborot makonida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetiga nisbatan shubha uyg‘otuvchi ritorika kuchayib borayotgan bir sharoitda Anqaradagi uchrashuv ochiq bayonotlarsiz, ammo aniq strategik siyosiy signal vazifasini bajardi. Ushbu signal O‘zbekiston o‘z xavfsizligini bitta kuch markaziga bog‘lab qo‘ymasligini va bunday qaramlikni kelajak modeli sifatida ko‘rmasligini anglatadi. Javob shaklining o‘zi alohida ahamiyatga ega. Mafkuraviy bosimga ritorika bilan emas, keskinlik bilan emas, balki muqobil institutlar, qardosh xalqlar bilan strategik hamkorliklar va muvozanatli qarorlar orqali javob berilmoqda. Zamonaviy geosiyosatda aynan shu yondashuv eng samarali strategiyalardan biri hisoblanadi”, – deydi J.Hakimov.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bugun global va mintaqaviy geosiyosatda passiv kuzatuvchi emas, balki o‘z manfaatlarini aniq anglagan va ularni himoya qila oladigan mustaqil aktor sifatida shakllanib bormoqda.

“Yangilanayotgan tashqi siyosat konsepsiyasi, xavfsizlik va mudofaa doktrinalari hamda muvozanatli diplomatik faoliyat mamlakatning yangi strategik realliklarga moslashayotganini ko‘rsatadi. Bu jarayonda O‘zbekiston na biror kuch markaziga qaram ittifoqchi sifatida shakllanmoqda, na geosiyosiy qarama-qarshiliklar maydoniga aylanishni tanlamoqda. Aksincha, mamlakat o‘z suveren qaror qabul qilish salohiyatini saqlagan holda, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro ishonchni mustahkamlovchi  siyosiy aktor sifatida o‘z o‘rnini belgilamoqda”, – deb xulosa qiladi tahlilchi.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring