O‘zbekistonda 15 yoshdan kattalarning 7,2 ming nafari ta’lim olmagan — statistika
Milliy statistika qo‘mitasining aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 yosh va undan katta aholi soni 27 mln 174,1 ming kishidan iborat. Ularning 7,2 ming nafari hech qanday ma’lumotga ega emas.
Ta’lim darajasi bo‘yicha aholining 42,8 foizi umumiy o‘rta, 35,8 foizi o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega. Oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotlilar ulushi 12 foizni, tayanch o‘rta ma’lumotlilar 6,9 foizni, boshlang‘ich ma’lumotlilar esa 2,4 foizni tashkil etadi.
Oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega shaxslar soni 3 mln 271,1 ming kishini tashkil qilgan. Ularning 41,8 ming nafari oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega.
Jinslar kesimida oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotli erkaklar ulushi 13,9 foiz, ayollar ulushi esa 10,2 foizga teng. Oliy ma’lumotlilarning 42,1 foizini ayollar tashkil etadi.
Yashash joyi bo‘yicha oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotlilar ulushi shaharlarda 14,2 foiz, qishloq joylarda esa 9,3 foiz bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich shaharlarda 1,5 baravar yuqori.
Hududlar orasida oliy ma’lumotlilar ulushi Toshkent shahrida eng yuqori — 24,9 foiz. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — 14,9 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 13,1 foiz. Eng past ko‘rsatkichlar Andijon viloyatida 9,4 foiz, Namangan viloyatida 9,5 foiz va Surxondaryo viloyatida 9,7 foiz bo‘lgan.
Yosh guruhlari bo‘yicha 25–49 yoshlilar orasida o‘rta maxsus va professional ma’lumotlilar ulushi 45,7 foizni tashkil etgan. 60 yosh va undan kattalar orasida esa umumiy o‘rta ma’lumotlilar ulushi yuqori bo‘lib, 55,6–58,4 foizga yetgan.
Oliy ma’lumotlilar ulushidagi gender tafovuti yoshlar orasida qisqargan. Jumladan, 70 yosh va undan kattalarda gender pariteti indeksi 0,40, 25–49 yoshlilarda 0,71, 15–24 yoshlilarda esa 0,94 ni tashkil etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter