Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi universitet 4 yulduzli bo‘ldi

Toshkentdagi universitet 4 yulduzli bo‘ldi

«TIQXMMI» milliy tadqiqot universiteti QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 4 yulduzli universitet sifatida tan olindi.

Dunyoning eng nufuzli xalqaro reyting tashkilotlaridan biri hisoblangan QS (Quacquarelli Symonds) tomonidan tashkil qilingan bu yilgi QS Stars audit baholash reytingi natijalariga ko‘ra, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti dunyoning TOP Universitetlari ro‘yxatida 1000 ballik baholash shkalasida 689 ball to‘plab, 4 yulduzli universitet maqomini oldi.

QS Stars bu xalqaro reyting tizimi bo‘lib, ta’lim muassasasini batafsil ko‘rib chiqish imkonini beradi. Jumladan, mazkur reyting dunyo universitetlarini ta’lim muhiti, xalqarolashuv, ilmiy tadqiqot va innovatsiya, akademik rivojlanish, o‘qitish, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi, o‘quv dasturlari salohiyati, onlayn ta’lim, alohida sohalar bo‘yicha reyting, universitetdagi yaratilgan qulayliklar, san’at va madaniyat, ijtimoiy mas’uliyat va inklyuzivlik bo‘yicha baholaydi.

«TIQXMMI» milliy tadqiqot universiteti QS xalqaro reyting agentligining 2023 yilda e’lon qilingan QS World University Ranking by subjectsda 3 ta fan sohasi – Muhandislik va Texnologiyalar, Tabiiy fanlar hamda Atrof muhit muhofazasi bo‘yicha dunyoning TOP-500 talik universitetlari ro‘yxatida e’tirof etilgan edi hamda Osiyo va Tinch okean mintaqasi universitetlari reytingida TOP-301 o‘rinda, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha 14-o‘rinda va O‘zbekiston bo‘yicha 1-o‘rinda qayd etilgan edi.

«TIQXMMI» milliy tadqiqot universitetining QS Stars xalqaro reyting tizimi alohida yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘lga kiritgan natijalari quyidagicha:

Nemis mutafakkiri Yogan Gyotening bir fikri bor: «Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, raqamlar dunyoning qanday boshqarilayotganini bildiradi». Darhaqiqat, raqamlar ildamlikni, harakatlar samarasi va natijalarni belgilovchi mezon ekaniga shubha yo‘q.

«Universitetimiz jamoasining ushbu yutuqlari zamirida, – deydi rektor, professor Bahodir Mirzayev, – raqamlar ortida mashaqqatli mehnat, tinimsiz harakat va izlanishlar, eng muhimi, davlat va hukumatimizning ilmu-ta’limga oid qonun va qarorlariga javobgarlik hissi borligini e’tirof etish o‘rinlidir».

Innovatsion va investitsion tashabbuslar, ta’limiy jarayondagi va pedagogik faoliyatdagi birdamlik, o‘zaro hamjihatlik yutuqlarimizning garovidir.

Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» milliy tadqiqot universiteti
matbuot xizmati rahbari, professor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring