Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«One Million Uzbek Coders» kelajak mehnat bozoriga ko‘nikma beradi

«One Million Uzbek Coders» kelajak mehnat bozoriga ko‘nikma beradi

Foto: IT-Park

2020-yil — Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili yili, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan, bu yil IT sohasida kuchli kadrlar tayyorlash va ushbu yo‘nalishni aholi o‘rtasida ommalashtirish imkonini beradigan ko‘plab loyihalar yaratilmoqda.

Jumladan, aholining keng qatlamiga axborot texnologiyalari sohasida bepul ta’lim olish imkoniyatini berish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Dubai Future Foundation, IT Park va IT-Akademiyasi bilan hamkorlikda, Udacity kurslari asosida «Bir million dasturchi» loyihasi amalga oshirilmoqda.

Udacity platformasi haqida

Udacity (AQSh) — IT mutaxassisligiga yo‘naltirilgan yetakchi onlayn ta’lim platformasi. O‘quv va kontent kurslari Google, Facebook, Amazon, Autodesk va boshqalar kabi yetakchi IT sanoat kompaniyalari bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Barcha kurslar haqiqiy ma’lumotlar to‘plamlarida loyihalar bilan ishlashda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

One Million Uzbek Coders loyihasi haqida

«One Million Uzbek Coders» loyihasining amalga oshirilishi aholining keng qatlamlarini AKT sohasida yangi kasblarni o‘zlashtirish, yoshlarni, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni ishga joylashtirish imkonini beradi», — ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov. Tantanali marosimda ishtirok etgan mehmonlar orasida Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi hukumati, mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

«One Million Uzbek Coders» tashabbusi mahalliy IT-ta’limni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, birinchi navbatda yoshlarga AKT mutaxassisliklariga arzon va sifatli o‘qish imkoniyatlarini taqdim etadi. Loyihaning maqsadi raqamli ekspertlar avlodini rivojlantirish, ularni raqamli transformatsiya orqali kelajakni tushunish va boshqarish uchun zarur bo‘lgan barcha vositalar bilan qurollantirishdir.

One Million Uzbek Coders (OMUC) loyihasi 4 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: Android (Google bilan hamkorlikda), Front-end development, Full-stack development va ma’lumotlarni tahlil qilish. Har bir trek asosiy 120 soatlik yoki 12 haftalik kursdan boshlanadi va o‘rganishni boshlash uchun maxsus bilim talab qilmaydi.

Bundan tashqari, axborot texnologiyalari sohasida raqamli bilim va yangi mutaxassisliklar olishga keng jamoatchilikni jalb qilish maqsadida IT Park Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida «One Million Uzbek Coders» loyihasida yoshlarning ishtirokini kengaytirish ustida ish olib bormoqda. Xususan:

  • Loyihani yoritish va aholi o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni targ‘ib qilish uchun reklama kampaniyasi (ijtimoiy tarmoqlar, onlayn maktab, televideniye va radio) yo‘lga qo‘yildi;
  • «Bir million dasturchi» loyihasining dastlabki bosqichi 62 mingdan ortiq o‘quvchini qamrab oldi va ularning 5,4 mingtasi malaka sertifikatiga ega bo‘ldi;
  • «Bir million dasturchi» loyihasi ZIYONET ta’lim portali, UZMOBILE mobil aloqa operatori va UZONLINE internet-provayderlarining bepul xizmatlariga kiritilgan;
  • Mazkur loyiha doirasida raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazlarida dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatish ishlari amalga oshirilmoqda;
  • Loyiha ko‘lamini kengaytirish va o‘quv jarayonini tashkil etish uchun birinchi bosqichda mamlakat bo‘ylab 2 100 dan ortiq maktab tanlab olindi;
  • Ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi maktablarda 2 ming 137 informatika o‘qituvchisi uchun onlayn-seminar tashkil etildi. Onlayn seminarlarda maktab o‘quvchilarini o‘qitish portali imkoniyatlari, o‘quv kurslarining maqsadi va mavzusi, shuningdek, loyihada yoshlarni jalb qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar namoyish etildi.

Bundan tashqari, «One Million Uzbek Coders» milliy loyihasi doirasida faol ishtirokchilar o‘rtasida tanlov tashkil etildi. Tanlov joriy yilning yozida bo‘lib o‘tdi va IT Park hamda IT-Akademiya ko‘magida Dubay Future Foundation tomonidan tashkil etildi. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridan 12 mingdan ziyod kishi ishtirok etdi. Virtual jamoa https://community.uzbekcoders.uz saytida shu paytgacha 3 000 dan ortiq mualliflik maqolalarini o‘zbek tilida nashr etdi. Tanlovda 18 yoshgacha bo‘lgan maktab yoshidagi 2 ta guruh hamda umumiy toifali 2 ta guruh ishtirok etdi.

Tanlov shartlari loyiha yoki IT va yangi texnologiyalar bo‘yicha mualliflik maqolalarini yaratish edi. Tanlov yakunida eng yaxshi uch nafar ishtirokchi 1 500 AQSh dollari miqdoridagi sovrinni qo‘lga kiritdi. Maktab o‘quvchilarining eng yaxshi uchta ishtirokchisi 500 AQSh dollarini oldi.

Ayni paytda uzbekcoders.uz portalda 69 003 dan ortiq talabalar ro‘yxatga olindi, shundan 5 810 nafari ikkinchi bosqichdan o‘tdi va kurslarni muvaffaqiyatli yakunlash to‘g‘risida sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Shuni esda tutish kerakki, «One Million Uzbek Coders» tashabbusi aholiga kelajakda mehnat bozori uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lish, kelajak dasturlash tilini o‘rganish imkonini yaratishga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring