Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Yaqin Sharqdagi bitta «ko‘z»idan ayirildi

AQSh Yaqin Sharqdagi bitta «ko‘z»idan ayirildi

Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida Eron tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumi AQShning mintaqadagi muhim harbiy infratuzilmalaridan biriga jiddiy zarar yetkazdi. CNN tahqiqotiga ko‘ra, Eron raketalari Iordaniyada joylashgan Muvvafaq as-Salti aviabazasidagi THAAD havo-mudofaa tizimining asosiy sensori – AN/TPY-2 radarini yo‘q qilgan.

Sputnik tasvirlari hujum natijasida qiymati taxminan 500 million dollar bo‘lgan radar tizimi jiddiy shikastlanganini ko‘rsatadi. Bu esa AQShning mintaqadagi ballistik raketalardan himoya qilish tizimi samaradorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

AN/TPY-2 radar tizimi THAAD (Terminal High Altitude Area Defense) kompleksida hal qiluvchi ahamiyatga ega. U ballistik raketalarni uzoq masofadan aniqlash, ularning trayektoriyasini kuzatish va yo‘q qilish uchun tutuvchi raketalarga ma’lumot uzatish vazifasini bajaradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur radar yo‘q qilinsa, THAAD batareyasi deyarli «ko‘r» holatga tushadi. Armament Research Services tadqiqot markazi rahbari N.R. Jensen-Jonsning ta’kidlashicha:

«AN/TPY-2 radar THAAD tizimining yuragi hisoblanadi. Undan hatto bittasining yo‘qolishi ham katta operativ yo‘qotish hisoblanadi».

Ma’lumotlarga ko‘ra, radar Eron hududidan 800 kilometrdan ortiq masofada joylashgan bo‘lgan. Sputnik tasvirlarida radar atrofida diametri taxminan 4 metrga yaqin ikki katta krater ko‘ringan. Bu bir necha raketa bilan aniq zarba berilganini anglatishi mumkin.

Radar tizimi bir nechta 40 futlik treylerlarga joylashtirilgan modullardan iborat bo‘lgan. Sputnik tasvirlariga ko‘ra, ularning aksariyati butunlay vayron bo‘lgan yoki qattiq zarar ko‘rgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu hujum Eronning yangi harbiy taktikasini ko‘rsatadi. Unda asosiy maqsad raketalarni to‘sib qoluvchi tizimlarni emas, balki ularning sensorlari va kuzatuv infratuzilmasini yo‘q qilish hisoblanadi.

Bunday strategiya raketalarni ushlash tizimini «ko‘r» holatga keltirib, keyingi hujumlar samaradorligini oshirishi mumkin.

AQShda hozircha jami 8 ta THAAD batareyasi mavjud. Shuning uchun vayron bo‘lgan radarni almashtirish boshqa mintaqalardagi tizimlarni qayta joylashtirishni talab qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun avvalroq Eron BAAning ikki hududiga – THAAD texnikasi saqlanadigan va xizmat ko‘rsatiladigan binolardan uchtasiga hamda radar uskunalari saqlanishi mumkin bo‘lgan inshootlarga zarba bergani xabar qilingan edi.

Bu binolar radar treylerlari va texnik xizmat uskunalari saqlanadigan ob’yektlar bo‘lgan. Lekin zarba vaqtida radarlar ichida bo‘lgan-bo‘lmagani aniq ma’lum emas.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida ham THAAD tizimi mavjud bo‘lib, ayrim manbalar bu manzildagi qurilmaga ham zarba berilgani haqida yozsa-da, lekin hozircha uning radarlari yoki batareyalari yo‘q qilingani haqida ishonchli dalillar yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring