Prezident “O‘zbekneftgaz” oldiga yangi talablar qo‘ydi
Kunlik gaz qazib chiqarish hajmi 70 million kub metrga yetkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi ustuvor vazifa va rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, energetik xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan hisoblanadi. Shu bois gaz sohasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Taqdimotda “O‘zbekneftgaz” oldida turgan asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini ko‘paytirish va qazib chiqarish hajmlarini oshirish ekani ta’kidlandi. Jumladan, kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga yetkazishi, joriy yilda kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarurligi qayd etildi.
Mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, gaz zaxiralarini oshirish uchun yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda ishlarni jadallashtirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foizgacha arzon narxlarda eksport qilinayotgani qayd etildi. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarish orqali qo‘shilgan qiymatni 6 karra oshirish imkoniyati mavjudligi hisobga olinib, ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishlatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy holatini yaxshilash, shuningdek, neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Korrupsion xavflarni oldini olish maqsadida jamiyat tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sohasida transformatsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifa va topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mo‘ynoqda katta bosimli yangi tabiiy gaz oqimi aniqlangani xabar qilingandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter