Islomobodda juma nomozi paytida portlash yuz berdi: kamida 31 kishi halok bo‘lgan
Pokiston poytaxti Islomobodda joylashgan Xadijat-ul Kubro masjidi yaqinida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘ldi, yana 169 nafar odam turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda mahalliy hokimiyatlarga tayanib Dawn nashri xabar berdi.
Ma’lumotlar 6 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:12 holatiga keltirilgan.
Fojia Islomobodning Tarlay-Kalan tumanida, juma namozi vaqtida yuz bergan. Times of Islamabad xabariga ko‘ra, hudkush-terrorchi masjidning asosiy darvozasi oldida portlovchi qurilmani ishga solgan. Portlash natijasida masjid darvozasi va atrofdagi binolarga jiddiy zarar yetgan.
Qutqaruv xizmatlari hozirga qadar qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda. Jarohatlanganlar Pokiston tibbiyot fanlari instituti va yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Politsiya hududni to‘liq o‘rab olgan, sud-tibbiy dalillarni yig‘ish va tergov ishlari boshlangan. Islomobodda favqulodda holat rejimi joriy etilgan.
Xitoyning Sinxua agentligi avvalroq politsiya manbalariga tayanib, halok bo‘lganlar soni 10 nafar ekani haqida xabar qilgan edi. Keyinchalik qurbonlar va yaralanganlar soni keskin oshgani aniqlandi.
Pokiston prezidenti Asif Ali Zardari ham ijtimoiy tarmoq sahifasida portlash haqida bayonot berdi.
Zardari qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi va tinch aholiga qilingan hujumni «insoniyatga qarshi jinoyat» deb atadi.
Bundan tashqari, prezident jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini ta’minlash uchun barcha tibbiy resurslarni safarbar qilishni buyurdi.
Hozircha hujum uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Pokiston hukumati hodisa yuzasidan keng ko‘lamli tergov ishlari olib bormoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter