AQSh Armaniston bilan fuqaroviy yadro dasturlari doirasida bitim imzoladi
AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens 9-fevral kuni Yerevanda Armaniston hukumati bilan fuqaroviy yadroviy energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Kelishuv AQSh kompaniyalariga Armanistonga yadroviy texnologiyalar, yoqilg‘i va xizmatlarni eksport qilish imkonini beradi. Shuningdek, amerikalik kompaniyalar mamlakat elektr energiyasining taxminan 40 foizini ta’minlab kelayotgan Armaniston atom elektr stansiyasini kichik modulli reaktorlar bilan almashtirish bo‘yicha tenderda ishtirok etishi mumkin.
Armanistonning «Arka» agentligi xabar berishicha, Jey Di Vens ikki bosqichda jami 9 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb etilishini va’da qilgan. Bloomberg‘ga ko‘ra, bu Armanistonga Rossiya yadroviy energetikasiga bog‘liqlikdan voz kechish imkonini beradi.
Vensning Yerevanga tashrifidan oldin Armaniston rasmiylari «Rosatom» rahbariyati bilan uchrashgan. Rossiya davlat korporatsiyasi Armanistonga «har tomonlama hamkorlik» taklif qilgani aytilgan.
Oxirgi yillarda Armaniston AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni faollashtirmoqda. Bu Rossiyaning Boku bilan mojaro paytida Yerevanni qo‘llab-quvvatlamagani bilan izohlanadi. 2025 yilda Armaniston parlamenti mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash to‘g‘risida qonun qabul qildi. Shuningdek, Armaniston AQSh bilan strategik sheriklik xartiyasini imzoladi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Rossiyada Armaniston rahbariyatining tashqi siyosiy yo‘nalishi bir necha bor tanqid qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter