Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xarob qilingan hayotimiz uchun bu juda oz va juda kech» – besh egizak opa-singilning og‘ir qismati

«Xarob qilingan hayotimiz uchun bu juda oz va juda kech» – besh egizak opa-singilning og‘ir qismati

Reklama agentliklari ular ortidan katta pul ishlashardi.

1934 yilning 28 mayida kambag‘al fermer oilasida tug‘ilgan besh opa-singil Kanadada haqiqiy mo‘’jiza sifatida qarshi olingandi. Ularning tarixi boshidanoq jamoatchilikning diqqat markazida, ommaviy axborot vositalari uchun esa doimiy mavzu bo‘lgan. Lekin na pul, na shuhrat ularga baxt keltirmadi. Dion beshligi tarixda eng taniqli va ayni paytda eng baxtsiz egizaklar sifatida qoldi.

Yetti oylikda tug‘ilgan bu jajji qizaloqlar yashab qolishga muvaffaq bo‘lgan ilk besh egizak sifatida barchani lol qoldirdi.

Chaqaloqlar Kallander hududiga yaqin kichik bir qishloqda joylashgan fermadagi ichimlik suvi va elektr energiyasiz uyda xotini va uch nafar farzandi bilan yashovchi Oliv Lion ismli kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. Yetti oylik bo‘lib dunyoga kelgan bu egizaklar juda kichkina, vaznlari atigi 600 grammdan bo‘lgan. Shunga qaramay, bu jajji qizaloqlar yashab qolishga muvaffaq bo‘lgan ilk besh egizak sifatida barchani lol qoldirdi. Dion opa-singillarning paydo bo‘lishi haqidagi ajoyib yangiliklar bir necha kun ichida butun Kanada bo‘ylab tarqaldi.

Dehqonning rafiqasi o‘zining egizaklarga homilador ekanligiga shubha qilmasdi, ammo birdaniga besh chaqaloqning tug‘ilishi kutilmagan voqea bo‘ldi. Ularni tug‘ilishi bilan choyshablarga o‘rab savatchalarda saqlashgan. Onaning suti tabiiyki barchasiga yetmasdi. Bu yoqda kambag‘alchilik. Shu bois har ikki soatda ularga suv, makkajo‘xori siropi, sigir suti va bir-ikki tomchi rom (shakarqamishdan tayyorlanadigan spirtli ichimlik) berishardi. Tabiiyki, qo‘shnilar ham qarab turishmasdi: kimdir issiq kiyim-kechak, kimdir yopinchiqlar, yana kimdir sut va yeguliklar olib kirar, shu bahonada bolalarni hayrat bilan tomosha qilishardi.

Egizaklar 6 oylik bo‘lganida, otalari ularni Chikagodagi ko‘rgazmada namoyish etish haqida o‘ylab qoldi. Bundan xabar topgan Kanada hukumati g‘ayrioddiy shou tashkil etishga qaror qildi. Shu tarzda qizlar uchun o‘nta derazali maxsus pavilion qurildi. Dion opa-singillar 8 yil davomida ushbu ko‘rgazmada qatnashadi va shu vaqt ichida ularni sakkiz million tomoshabin ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi.

Ular eng qimmat o‘yinchoqlar o‘ynashar, so‘nggi urfda kiyinishardi.

Opa-singillar sharofati bilan Chikago ko‘rgazmasi shaharning eng diqqatga sazovor maskaniga aylanadi va bu misli ko‘rilmagan sayyohlar oqimini keltirib chiqaradi. Har kuni bir necha ming odam bir-biriga tomchi suvdek o‘xshash besh egizak tomoshasiga kelardi. Qizaloqlar hamshiralar nazorati ostida bolalar maydonchasida o‘ynashar, ularning atrofidagi to‘r tashqarisida sayyohlar uchun tomosha maydoni tashkil qilingan edi.

Qizaloqlar go‘yo qo‘radagi hayvonlarga o‘xshar edi, bu esa bolalarni foyda ko‘rish uchun ishlatishning eng xunuk usullaridan biri edi. Tomoshaga kirish bepul bo‘lgan. Ammo Kanada hukumati turli suvenirlar sotishdan katta foyda ko‘rgan – maxsus do‘konlardagi esdaliklar (egizaklar tasvirlangan) savdosi juda chaqqon bo‘lgan.

Mashhur egizak qizlar haqiqiy brendga aylandi – ularning sharafiga beshta qo‘g‘irchoqning maxsus to‘plamlari ishlab chiqarildi. Odamlar go‘yo ularga sig‘inishardi. Gollivudda ular haqida bir nechta filmlar ishlangan. Bolalar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar korxonalar ular rasmlaridan reklama sifatida muvaffaqiyatli foydalanardi.

Qizlar dunyodan ajralgan holda yashadilar. Ular qimmat o‘yinchoqlar o‘ynashgan, eng so‘nggi urfda kiyinishgan va eng yaxshi shifokorlar g‘amxo‘rligi ostida bo‘lishgan. Biroq ular ota-onalari, aka-opalari hamda tengdoshlari bilan muloqotdan mahrum edilar. Ular to‘qqiz yoshga to‘lganida, Kanada hukumati butun Dion oilasini bir joyga jamlash maqsadida katta uy qurib berdi, lekin bu uncha muvaffaqiyatli g‘oya emas edi, chunki opa-singillar bunday hayotga moslashmagandi.

Shuncha yillik ayriliqdan so‘ng oddiy oilaviy munosabatlarni o‘rnatish imkonsiz bo‘lib chiqdi. Oiladagi boshqa bolalar uzoq birga bo‘lmagan egizak singillarini qabul qila olishmadi. Ota daromad bo‘linishidan mahrum bo‘lganidan bezovtalandi. To‘rqafasda yashashga odatlangan bolalar esa yangi hayot tarziga ko‘nikolmadilar.

O‘zaro begonalashib qolgan katta oila.

Egizaklar bu uyda 16 yoshga to‘lgunlariga qadar yashadi, shundan so‘ng ular maktab-internatga jo‘natildi. Qizlar turli reklamalarda, asosan, kosmetika va oziq-ovqat roliklarida ko‘p suratga tushishdi. Ularning har bir tug‘ilgan kuni ommaviy axborot vositalari ishtirokida nishonlandi.

Qizlar oddiy hayotga kam moslashgan edi. Odamlar bilan muloqot qilishda qiynalgan opa-singillar faqatgina bir-birlari davrasidagina o‘zlarini erkin his qilishlari mumkin edi. O‘n sakkiz yoshga to‘lganlaridan so‘ng, o‘zlarining mashhurligidan foydalanishga va ular orqali pul ishlashga harakat qiluvchi oilalari bilan barcha aloqalarni uzdilar.

Egizaklarning ikkinchisi – Emiliya doim g‘amgin yurardi. U juda yosh bo‘la turib monastrga bordi va o‘zida aniqlangan epileptik tutqanoq xastaligini rivojlantirib oldi – bu uning 20 yoshida vafot etishiga sabab bo‘ldi. Bu uning opa-singillariga haqiqiy zarba bo‘ldi. Maria (egizaklar uchinchisi)ni esa muvaffaqiyatsiz nikoh 30 yoshida hayotdan olib ketdi.

Egizak qizaloqlar timsoliga aylangan qo‘g‘irchoqlarning bozori chaqqon bo‘lgan.

Siciliya va Anetta ham oilaviy hayotda baxt topa olishmadi. Ular butun umr bir-biriga misli ko‘rilmagan darajada talpinib yashadilar. Telefonda soatlab suhbatlashar va o‘zaro tashriflar chog‘ida adog‘siz quvonchni his qilishardi.

Cisiliya ham egizak farzandli bo‘ldi, lekin tez orada ulardan biri vafot etdi. Uch yil o‘tgach, u beva qoldi va rohibalikka kirishdi. Lekin monastirdagilar bilan til topisha olmadi. U umrining qolgan qismini tanholikda o‘tkazdi.

Ulg‘ayib, oq-qorani tanigan Dion opa-singillar (Ivona, Sisiliya, Anetta) sudga murojaat qilib, davlatdan 4 million dollar miqdorida tovon puli undirib oldi. «Bizning xarob qilingan hayotimiz uchun bu juda oz va juda kech», – deya izoh berdi taniqli opa-singillar.

U.Yo‘ldoshev tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring