Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bu o‘rta asrlarda emas, hozir ro‘y bermoqda!» – Rossiya diplomati

«Bu o‘rta asrlarda emas, hozir ro‘y bermoqda!» – Rossiya diplomati

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Isroilning to‘sqinligi sabab G‘azoga oziq-ovqat va boshqa birlamchi mahsulotlar yetkazish imkonsiz bo‘lib qolayotgani, sektor gumanitar halokat yoqasida ekani haqida bong urdi.

Diplomat BMT Xavfsizlik kengashini shu munosabat bilan Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirgan.

Vasiliy Nebenzya G‘azoda ocharchilik kuchayib borayotgan vaziyatda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish kerakligini urg‘ulagan.

Unga ko‘ra, G‘arb Rossiyani Ukrainada ochlikdan qurol sifatida foydalanishda ayblamoqda. Ammo negadir Isroilga bunday ayblov ilgari surilmayapti.

Rossiya diplomati Isroil tomonidan G‘azo aholisi atayin ochlikka mahkum etilayotgani uchun BMT Xavfsizlik kengashi ham mas’ul deb hisoblaydi.

«G‘azodagi 2,2 million aholi oziq-ovqat taqchilligidan aziyat chekmoqda. Ulardan 600 ming nafari, ya’ni har to‘rt aholidan biri ochlik tufayli o‘lim yoqasida turibdi. Bu dunyoda ko‘p sonli insonlarning ochlik iskanjasida qolishi bilan bog‘liq avval kuzatilmagan holatdir. Bu o‘rta asrlarda emas, balki 2024 yilda, ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotganiga ishonish qiyin», – deydi Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili.

G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 30 mingga yaqinlashgan bir paytda xalqaro miqyosda Isroilning harbiy siyosatiga nisbatan tanqidlar oshib bormoqda.

Avvalroq Belgiya bosh vaziri o‘rinbosari Petra de Satter Isroilga qarshi moliyaviy jazo choralari qo‘llashni taklif qilgan edi.

Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri Ione Belarra ham G‘azoda amalga oshirilayotgan qatliom uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Xalqaro jinoiy sudga tortishni talab qilgan va ushbu mamlakatga qarshi xuddi Rossiyaga nisbatan joriy etilgani kabi moliyaviy sanksiyalar kiritishni talab qilgan edi. Ayni choqda, u xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlariga javoban Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzishni tavsiya etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring