Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘nggi 20 yilda bunday holat kuzatilmagandi – BMT

So‘nggi 20 yilda bunday holat kuzatilmagandi – BMT

Isroil askarlari G‘arbiy Sohilda reyd o‘tkazmoqda.

Foto: AFP

2025 yil davomida Falastinning ishg‘ol ostidagi yeri – Iordan daryosining G‘arbiy Sohilida isroilliklar tomonidan uyushtirilgan 1800 dan ziyod hujum va zo‘ravonlik harakatlari hujjatlashtirildi. BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik bu zo‘ravonliklarning 2006 yildan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichi ekanini ma’lum qildi.

BMT vakiliga ko‘ra, isroilliklarning hujumlari oqibatida falastinliklar halok bo‘lmoqda, ularning mol-mulkiga zarar yetkazilmoqda.

Stefan Dyujarrik isroillik kelgindilarning noqonuniy hujumlari va zo‘ravonligi oqibatida G‘arbiy Sohildagi ko‘plab falastinlik oilalar uy-joyini tark etishga majbur bo‘lganini qayd etib, BMTga a’zo davlatlarni tinch aholi vakillarini himoya qilish bo‘yicha amaliy harakatga undagan. 

Anadolu agentligi Isroil matbuotiga tayanib keltirgan raqamlar ham ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Xususan, Isroilning Haaretz gazetasi 2025 yilda G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi hujumlar 25 foizga ortgani haqida yozdi. Noqonuniy harakatlar, ayniqsa, 2023 yil oktyabr oyida G‘azoda urush boshlangach yanada kuchaygan. 

Xavotirli jihati, endilikda hujumlar muayyan shaxslar tomonidan emas, balki o‘ng qanot siyosatchilar dastaklaydigan uyushgan guruhlar tomonidan amalga oshirilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlari kuchayayotgani, kelgindi aholi falastinliklar tegishli uy va avtomobillarga o‘t qo‘yayotgani haqida xavotirli xabarlar ortgan.

Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti tahlillariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Isroil harbiylari tomonidan G‘arbiy Sohilda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortgan. Ikki yilda o‘ldirilgan bolalar soni 18 yil davomida o‘ldirilganlar soniga tengdir.

G‘arb davlatlari Isroildan ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatishni talab qilib kelmoqda.

Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi. Hozirga qadar mazkur hududda 160 ta manzilgoh qurilgan va 700 ming nafar yahudiy aholisi joylashtirilgan. Tel-Aviv hukumati xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, G‘arbiy Sohilda noqonuniy manzilgohlarni ko‘paytirishga harakat qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti 2025 yil iyul oyida G‘arbiy Sohil “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” ekani iddao qilgan holda, hududni qo‘shib olish haqida hujjat qabul qilgan edi. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupatsiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring