Dubaydagi bir soatlik konsert uchun $24 mln: tarixdagi eng qimmat chiqishlar qaysilar?
Amerikalik mashhur xonanda Beyonse 2023-yil yanvar oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida joylashgan Atlantis The Royal mehmonxonasining tantanali ochilish marosimidagi faqat taklifnoma asosida, omma uchun ochiq bo‘lmagan konserti uchun taxminan 24 mln AQSh dollari gonorar olgan. Forbes nashriga ko‘ra, bu musiqa industriyasi tarixidagi eng qimmat xususiy konsertlardan biri bo‘lib, hozircha eng yuqori haq to‘langan yakka chiqish sifatida qayd etilgan.
Mazkur konsert maxsus bo‘lib, faqat taklifnoma asosida tashkil etilgan. Unda dunyoga mashhur aktyorlar, sportchilar, tadbirkorlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan. Bu Beyonsening to‘rt yillik tanaffusdan keyingi ilk to‘liq jonli konserti ham bo‘lgan. Sahnada unga qizi Blu Ayvi ham qo‘shilgan.
Bu turdagi konsertlar odatda milliarderlar, yirik kompaniyalar yoki lyuks brendlar tomonidan buyurtma qilinadi. Bunday chiqishlarda gonorarlar oddiy gastrol konsertlariga nisbatan bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin.
Tarixdagi eng qimmat xususiy konsertlar – TOP–5
- Beyonse — 24 mln dollar
2023-yilda Dubaydagi Atlantis The Royal mehmonxonasi ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan bir soatlik konsert uchun 24 mln dollar olgan. Bu hozircha eng katta haq to‘langan xususiy konsert sifatida e’tirof etiladi.
- The Rolling Stones — 18,7 mln dollar
Afsonaviy rok guruhi 2002-yilda amerikalik milliarder Devid Bondermanning 60 yoshlik yubileyida chiqish qilib, 18,7 mln dollar gonorar olgan.
- Selin Dion — 8,5 mln dollar
Billboard ma’lumotlariga ko‘ra, xonanda xususiy tadbirlardagi har bir chiqishi uchun taxminan 8,5 mln dollar haq olgan.
- Eagles — 6 mln dollar
Mashhur rok guruhi Nyu-Yorkdagi xususiy kechada faqatgina o‘zining mashhur Hotel California qo‘shig‘ini ijro etish uchun 6 mln dollar olgan.
- Kristina Agilera — 6 mln dollar
2005 yilda rossiyalik milliarder Andrey Melnichenkoning Fransiyada bo‘lib o‘tgan to‘y marosimida kuylagani uchun 6 mln dollar gonorar olgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, xususiy konsertlar san’atkorlar uchun eng daromadli faoliyat turlaridan biri hisoblanadi. Bunday tadbirlarda chipta sotilmaydi, barcha xarajatlar va gonorarlarni buyurtmachi tomon qoplaydi. Shu bois ayrim hollarda bir soatlik chiqishdan tushgan daromad bir necha oylik gastrol safari daromadiga teng yoki undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter