Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishga urinsa nima bo‘ladi?
Eron hukumati AQSh prezidenti Donald Trampning mamlakatga hujum qilish bilan bog‘liq tahdidlaridan so‘ng, «o‘zini himoya qilishi va ilgari hech qachon bo‘lmagan darajada javob qaytarishini» ma’lum qildi. Bu haqda Bloomberg yozmoqda.
Tehronning qasos olish usullaridan biri Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun to‘sib qo‘yish bo‘lishi mumkin. Ho‘rmuzning bir necha kundan ko‘proq muddatga to‘liq yopilishi — energiya bozorlari uchun dahshatli ssenariydir. Ushbu mintaqadan neft va boshqa yonilg‘i mahsulotlarini olib chiqish uchun boshqa dengiz yo‘llari mavjud emas.
Fors ko‘rfazining kirish qismidagi ushbu tor bo‘g‘oz orqali dunyodagi dengiz orqali tashiladigan jami neft aylanmasining qariyb to‘rtdan bir qismi o‘tadi. Shu sababli, agar Eron Yaqin Sharqdan Xitoy, Yevropa va AQShga neft hamda gaz tashuvchi ulkan tankerlar yo‘lini to‘sib qo‘ya olsa, bu neft narxining keskin ko‘tarilishiga olib keladi va dunyo iqtisodiyotini izdan chiqarishi mumkin.
Kpler Ltd. kompaniyasining neft bo‘yicha katta tahlilchisi Muyu Syuning baholashicha, Eron tomonidan bo‘g‘ozning bor-yo‘g‘i bir kunga to‘silishi neft narxini barreliga 120–150 dollargacha chiqarib yuborishi mumkin. Ma’lumot uchun: yanvar oxiriga kelib Brent markali neftning barreli 70 dollar atrofida sotilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter