Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevroittifoq Falastin davlatini tuzishga qarshi qaror yuzasidan taassuf bildirdi

Yevroittifoq Falastin davlatini tuzishga qarshi qaror yuzasidan taassuf bildirdi

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Isroil parlamenti – Knessetning Falastin davlatini tuzishga qarshi qarori yuzasidan bayonot berdi.

«Yevropa Ittifoqi, hatto Isroil bilan muzokaralar asosida hal qilishning bir qismi ekaniga qaramay, Knessetning 18 iyul kunidagi Falastin davlatini tuzishga qarshi qaratilgan qarori munosabati bilan taassuf izhor etadi. Xalqaro hamjamiyatda Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlaydigan yagona sobit qaror bu – ikki davlat modeli asosidagi yechim ekani borasida mustahkam konsensus shakllangan», – deyiladi rasmiy bildirgida.

Ta’kidlanishicha, YeI ikki davlat  tuzishni nazarda tutuvchi BMT Xavfsizlik Kengashining hujjatlari, jumladan, 2735, 2728, 2720 va 2712-sonli rezolyusiyalarga muvofiq mustahkam va barqaror tinchlik tarafdoridir.

«Falastinliklar va isroilliklar xavfsiz, munosib va osuda sharoitda yashash borasida bir xil huquqga ega. Yevropa Ittifoqi o‘zining azaliy mushtarak pozitsiyasi va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyalariga muvofiq, agarda tomonlar o‘zaro kelishmasa, 1967 yildagi chegaralar o‘zgarishini tan olmaydi», – deyiladi bayonotda.

Rasmiy Bryussel siyosiy jarayonni tiklash uchun xalqaro va mintaqaviy hamkorlar bilan faol ishlashda davom etadi.

Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakilga ko‘ra, Falastin davlatchiligi tomon yagona amaliy yo‘l – ushbu siyosiy jarayonning eng muhim komponentidir. Falastin xalqini umid va istiqboldan mahrum etish esa ixtilof, nizoni yanada chuqurlashtiradi, xolos.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Qarorda Falastin davlati tuzilishi Isroil davlatiga tahdid degan iddao ilgari surilgan.

Knesset qaroriga BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring