Germaniya mehnat bozoriga immigrantlar zarur – Federal mehnat agentligi
Germaniyada ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun immigrantlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu haqda mamlakat Federal mehnat agentligi ma’lum qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida Germaniyada mehnatga layoqatli mahalliy aholi soni qariyb 4 million nafarga kamaygan. Shu davrda esa mehnat yoshidagi 3,4 million nafar immigrant mamlakatga ko‘chib kelgan.
Ta’kidlanishicha, 2014 yil iyundan 2025 yil iyungacha bo‘lgan davrda Germaniyada bandlik o‘sishining 43 foizi uchinchi davlatlardan kelgan immigrantlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu jarayonda qochqinlar ham muhim o‘rin tutgan.
Federal mehnat agentligi vakili Daniel Tersenbaxning aytishicha, ko‘plab kasblarda kuzatilayotgan kadrlar tanqisligi tobora ko‘proq immigrantlar hisobiga bartaraf etilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kadrlar yetishmaydigan sohalarda immigrantlar ulushi 2014 yildagi 7 foizdan 14 foizgacha oshgan.
Mutaxassislar fikricha, Germaniyada demografik o‘zgarishlar davom etayotgani bois, mamlakat iqtisodiyoti uchun mehnat migratsiyasi kelgusi yillarda ham muhim omil bo‘lib qoladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter