Germaniya razvedkasi «Rossiya xatari»dan ogohlantirdi
Germaniya kontrrazvedka xizmati – Konstitutsiyani qo‘riqlash bo‘yicha federal idora (BfV) Bavariya hududidagi olimlarning dronlar bo‘yicha ixtirolari Rossiya maxsus xizmati nishoniga aylangani haqida bayonot berdi.
Nemis matbuoti xabariga ko‘ra, xorijiy davlatlar josuslik idoralari Bavariyadagi aviatsiya, kosmonavtika, uchuvchisiz qurilmalar va sun’iy intellekt bo‘yicha strategik tadqiqotlarga bot-bot qiziqish bildirmoqda. Maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘rincha olishga urinayotgan davlatlar safida Xitoy ham qayd etilgan.
Bavariyadagi ilmiy izlanishlar nafaqai Germaniya, balki butun Yevropada eng ilg‘or tadqiqotlar sirasiga kiradi.
Myunxen texnika universitetida (TUM) dronlar bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan olimlar xalqaro anjumanlarda Rossiya va Xitoy tadqiqotchilari bilan uchrashib, fikr almashib turadi. Germaniya maxsus xizmati nazdida esa, ilmiy hamkorlik nomi zikr etilgan davlatlarning harbiy sanoati ehtiyoji yo‘lida xizmat qilishi mumkin.
Bundestag deputatlari ham avtoritar davlatlar vakillari bilan xavfsizlik, harbiy sanoatga doir hassos masalalarda hamkorlikni xavotirli tendensiya deya tanqid qilgan.
So‘nggi vaqtlarda Rossiya va NATO o‘rtasidagi taranglik tobora kuchaymoqda.
Joriy yil iyun oyida Polsha razvedka idorasi rahbari Pavel Shota Rossiya Federatsiyasi NATO davlatlariga nisbatan provokatsion harakat sodir etib, vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligi haqida bayonot bergandi.
Kreml Rossiyaning Shimoliy Atlantika alyansi davlatlariga hujum qilish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq NATOning bir qator davlatlari rasmiylari va razvedka xizmatlari, jumladan, Germaniya mudofaa vaziri Moskva hujumga hozirlik ko‘rayotganini aytmoqda.
Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen Rossiya prezidenti Vladimir Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi.
Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal ham G‘arb davlatlari o‘z mudofaa qobiliyatini oshirish borasida qat’iyat ko‘rsatmasa, Moskva hujumi qarshisida ojiz qolishidan ogohlantirgan.
Oldinroq Amerikadagi Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) Boltiqbo‘yi mamlakatlari Kremlning Ukrainadan keyingi nishoni bo‘ladi degan taxminni ilgari surgan edi.
Avval xabar berganimizdek, yaqinda Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan bog‘liq deb hisoblanayotgan kiberhujumlar uchun 9 nafar shaxs va 4 tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter