JSST saraton bilan bog‘liq xavotirli prognozni e’lon qildi
2050-yilga borib dunyoda har yili saraton kasalligiga chalinish yangi holatlari soni 35 mln nafarga yetishi mumkin. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 20,6 millionga teng edi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘zining yangi hisobotida e’lon qildi.
Mutaxassislarning fikricha, bunga asosan kasallikning oldini olish choralari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, shuningdek, tamaki chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, jismoniy faollikning pastligi va semirish kabi xavf omillari sabab bo‘ladi.
Tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullari jadal rivojlanayotganiga qaramay, mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlik tufayli millionlab insonlar hatto eng zarur onkologik tibbiy yordamdan ham bebahra qolmoqda. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangan bemorlarning besh yillik yashovchanlik ko‘rsatkichi taxminan 85 foizni tashkil etsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich atigi 40 foiz atrofida. Qolaversa, dunyo mamlakatlarining faqat 39 foizida aholi uchun onkologik kasalliklarni davolash bo‘yicha kamida eng zarur tibbiy xizmatlar kafolatlangan.
JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesusning aytishicha, saraton deyarli har bir inson hayotiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan xastalikdir. Tashkilot prognozlariga ko‘ra, dunyo aholisining taxminan 92 foizi umri davomida kamida bir marta saratonga duch keladi — yo o‘zi yoki yaqin qarindoshi shu kasallikka chalinadi. Insonning yashab qolish imkoniyati uning qayerda tug‘ilgani yoki daromadiga bog‘liq bo‘lmasligi kerakl, deb ta’kidlaydi tashkilot.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter