Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Liviyada urushning yangi bosqichi, Xaftar kuchlari poytaxtga yaqinlashdi

Liviyada urushning yangi bosqichi, Xaftar kuchlari poytaxtga yaqinlashdi

Foto: «Reuters TV»

Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni marshal Xalifa Xaftar Liviya poytaxti Tripoli sari yurish boshladi.

Yurish davomida Xalifa Xaftar qo‘l ostidagi kuchlar BMT tomonidan qo‘llanilayotgan milliy birlik hukumatini ag‘darishni maqsad qilgan. Qo‘mondon o‘z yurishini «Tripolini ozod qilish bo‘yicha operatsiya», deb nomlagan.

Xaftarning kuchlari poytaxtni egallash maqsadida janub va g‘arbdan yaqinlashdi. Kecha Tripolidan 80 kilometr uzoqlikdagi Garyan shahri qo‘lga olindi. Shundan so‘ng poytaxtga yetishga 60 kilometr qolganda tungi hordiq uchun to‘xtalgan.

2014 yilda Xaftar sobiq hukmdor Kaddafiga sodiq bo‘lgan kuchlarni atrofida to‘plagan va sharqdagi Beng‘ozi shahrini qo‘lga kiritgan edi. Shundan so‘ng mamlakat janubidagi boy neft konlari uning nazorati ostiga o‘tgan.

Xalqaro kuzatuvchilar Xaftar timsolida «yangi Kaddafi»ni ko‘rishmoqda. Uni Misr hamda Birlashgan Arab Amirliklari qo‘llashi aytilmoqda.

Bugun BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va shoshilinch tarzda Liviyadagi holat muhokama qilindi. Kengash Buyuk Britaniya tashabbusi bilan tashkil etilgan va yopiq holda o‘tkazildi. Xabar qilinishicha, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish shaxsan Xaftar bilan uchrashishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yilda Liviyada fuqarolar urushi kelib chiqqan edi. Unga ko‘ra mamlakatni 1969 yildan buyon boshqarib kelgan polkovnik Muammar Kaddafi ag‘darilgan va o‘ldirilgandi. Unga qarshi bo‘lganlar safida Fransiya, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar koalitsiyasi kurash olib borgan.

Bugungi kunda Liviyada qo‘shhokimlik yuzaga kelgan. Sharqda, Tobruk shahrida parlament boshqaruvi tashkil etilgan, g‘arbda, Tripolida esa milliy kelishuv hukumati amalda bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring