Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muammar Qazzofiydan qarzdor bo‘lib qolgan tadbirkor kim edi?

Muammar Qazzofiydan qarzdor bo‘lib qolgan tadbirkor kim edi?

Muammar Qazzofiy chodirida mehmon bo‘lgan Vladimir Putin va Mirey Matyo.

Liviya yetakchisi Muammar Qazzofiy o‘zining antiqa odatlari bilan mashhur edi. Masalan, AQSh Davlat kotibi Kondoliza Raysga oshiq bo‘lib qolgani haqida vaqtida rosa yozilgan. Qazzofiyning yana bir xos jihati — xorijga tashriflarii davomida hashamatli mehmonxonalardan voz kechib, o‘zi bilan olib yuradigan badaviylar chodirida yashashni afzal ko‘rishi edi. Bu bilan u ko‘chmanchi badaviylardan bo‘lgan ajdodlari va an’analariga sodiqligini namoyish etishga urinardi.

Albatta, Qazzofiyning chodiri ajdodlarinikidan ancha farq qilib, zamonaviy qulayliklarga ega edi. Chodir ichidan nafaqat oddiy stol va stullar, balki shinam kreslolar, divan va hatto plazmali televizor ham joy olgan. Chodirga kirish qismiga qimmatbaho gilamlar to‘shalgan, tashqarida esa an’anaviy manqal (olov yoqish uchun joy) o‘rnatilgan edi.

Muammar Qazzofiyning chodirini har doim ham u xohlagan joyga o‘rnatishga ruxsat berilavermagan. Masalan, Moskvaga tashrifi chog‘ida u o‘z qarorgohini Kremlning Sobor maydonida tiklamoqchi bo‘lgan. Biroq unga rad javobi berilib, chodirni Kreml hududidagi Taynin bog‘iga qurishga ruxsat berilgan. Uning chodiriga o‘sha paytdagi bosh vazir Vladimir Putin va mashhur fransuz xonandasi Mirey Matyo mehmonga kelishgan edi.

2009-yilda BMT Bosh Assambleyasi 64-sessiyasiga kelgan Qazzofiy Nyu-Yorkning qoq markazidagi Markaziy bog‘da (Central Park) chodir qurishni rejalashtiradi, ammo yana rad javobini oladi. Shundan so‘ng Liviya rahbarining odamlari amerikalik bir tadbirkor bilan kelishib, Nyu-Jersi shtatidagi Englvud shaharchasidan yer maydonini ijaraga oladi. Bir necha kunlik ijara uchun bir yoki ikki yillik to‘lov miqdorida kattagina pul to‘lanadi. Chodir o‘rnatiladi, lekin Qazzofiy u yerda yashay olmaydi — shahar ma’muriyati tadbirkorni sud bilan qo‘rqitgach, u yerda yashash taqiqlanadi. Eng qizig‘i, ijara uchun to‘langan mablag‘ Qazzofiyga qaytarib berilmagan. O‘sha amerikalik tadbirkorning ismi Donald Tramp edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring