Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Rossiyaga tegishli deya da’vo qilinayotgan hududlar aslida bosib olingan». Taniqli olim prezident Putinga keskin e’tiroz bildirdi

«Rossiyaga tegishli deya da’vo qilinayotgan hududlar aslida bosib olingan». Taniqli olim prezident Putinga keskin e’tiroz bildirdi

«Rossiya. Kreml. Putin» filmidan skrinshot

Rossiyalik taniqli olim, tarix fanlari doktori Sergey Abashin prezident Vladimir Putinning «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli filmda bildirgan mulohazalariga keskin e’tiroz bildirdi.

V.Putin mazkur film davomida Rossiyaga azaldan tegishli bo‘lgan hududlar boshqa davlatlarga o‘tib ketganidan gap ochgan.

«Unga (prezident Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) «azaliy hududlar» bo‘lmasligini tushuntiradigan mard bormi! Barcha hududlar tarixning turli davrida turfa qabila va xalqlar tomonidan bir-birining o‘rnini egallash, hijrat qilish hamda bosib olish orqali zabt etilgan. U «azaliy» deb atayotgan Moskoviya, keyinroq Rusiya imperiyasining yerlari ham qachondir bosib olingan va mustamlaka qilingan, mahalliy aholi esa qirib tashlangan, bo‘ysundirilgan yoki assimilyasiyaga uchragan», deb yozadi professor Abashin.

Olimga ko‘ra, Rusiya imperiyasi yerlari ham, V.Putin ta’kidlayotganidek, «rus xalqi»ga emas, balki asli-nasli olmon millatiga borib taqaluvchi Romanovlar xonadoniga tegishli bo‘lgan.

«Unga imperiyaning (Sovet ittifoqi nazarda tutilmoqda – tahr.) milliy respublikalar va muxtor o‘lkalarga bo‘linishi «sovg‘a» emas, balki murakkab muzokaralar va o‘zaro yon berish, manfaatlar muvozanatini tiklash yo‘lidagi izlanishlar mahsulini ekanini tushuntiradigan mard bormi! O‘shanda to‘laqonli «ruscha» fikrlashdan yiroq bo‘lgan markaz mahalliy aholi kayfiyati bilan hisoblashishga majbur bo‘lgan, ayni choqda, buning evaziga muayyan bonuslarni qo‘lga kiritgan edi», – deb sobiq SSSRning siyosiy tuzilmasini tahlil qiladi olim.

Shu bilan birga, S.Abashin zamonaviy Rossiya Federatsiyasi yuridik jihatdan Rusiya imperiyasi yerlariga voris bo‘la olmasligini ham qayd etadi. Negaki, zamonaviy Rossiyada oqposhsho davlatidan farqli o‘laroq o‘zgacha mafkura, mutlaqo boshqacha siyosiy va huquqiy tizim amal qilmoqda. 

Prezident Putin «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli film uchun bergan intervyusida SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan.

Ciyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bu o‘rinda Rossiya rahbari Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutayotganini taxmin qilgan.

«Putin kechagi intervyusida qattiq vajohat bilan «SSSRga kirib, rus yerlarini olib chiqib ketgan» davlatlar haqida gapirdi. Menimcha, u Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutyapti. Yaqinda To‘qayev «Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – faqat iqtisodiy loyiha, lekin siyosiy emas» degan edi. Ko‘rinib turibdiki, Putinning jahli chiqibdi. Bu bilan Putin Qozog‘iston rahbariyatiga «Yoki mening tashabbuslarimni miq etmay qabul qilinglar, yoki ahvolingiz Ukrainadan ham yomonroq bo‘ladi» demoqda», – deb yozadi K.Rabbimov.

Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiyaning «Komsomolskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Yevropa ittifoqi kabi siyosiy birlashma bo‘la olmasligi, faqat iqtisodiy tuzilma bo‘lib qolishi lozimligini ta’kidlagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring