Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyalik ayrim siyosatchilar Qozog‘iston suverenitetiga daxl qiluvchi takliflar bilan chiqmoqda

Rossiyalik ayrim siyosatchilar Qozog‘iston suverenitetiga daxl qiluvchi takliflar bilan chiqmoqda

Vladimir Jirinovskiy avval ham o‘ta bahsli bayonotlar bergan.

Foto: Davlat dumasi matbuot xizmati

Qozog‘istonda ro‘y bergan ommaviy norozilik namoyishlari sabab boshboshdoqlik yuzaga kelganidan xabaringiz bor. Kuni kecha prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning so‘roviga binoan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kuchlari mamlakatga kiritildi. Qo‘shni o‘lkada hali beqaror vaziyat saqlanib qolayotgan bir paytda rossiyalik ayrim siyosatdonlar Qozog‘iston suvereniteti va hududiy yaxlitligiga daxl qiluvchi bayonotlar bilan chiqmoqda.

Davlat dumasi deputati Sulton Hamzayev Qozog‘istonni «tarixiy vatan – Rossiya»ga qo‘shib olish haqida gap ochdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning Rossiyaga qo‘shilishi ehtimoli muhokama etilmoqda. Qozog‘istonning tarixiy vatan – Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayman. Qayd etish joizki, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning o‘zi ham barcha bayonotlarini rus tilida beradi. Bu chinakam demokratiyaning ifodasi bo‘ladi», – deb yozdi «Yedinaya Rossiya» partiyasi vakili S.Hamzayev.

Rossiya liberal partiyasi rahbari Vladimir Jirinovskiy Qozog‘istonning shimoliy viloyatlarini «Rossiyaning tarixiy yerlari» deya iddao qilgan va ularning qaytarilishi lozimligidan bahs etgan. 

«Russia Today» («Rossiya segodnya») davlat axborot agentligi bosh muharriri Margarita Simonyan esa Qozog‘istonda tartib o‘rnatish evaziga Qrimning Rossiyaga tegishli ekanini tan olish shartini qo‘yishni taklif etdi. U, shuningdek, Qozog‘istonda kirill yozuvini qaytarish, rus tilini ikkinchi davlat tili sifatida e’lon qilish kerakligini ham aytgan.

Buyuk davlatchilikni yodga soluvchi bayonotlari bilan tanilgan M.Simonyan Qozog‘iston hamda sobiq Ittifoq davlatlarining mustaqilligini ham shubha ostiga olgan.

Avval xabar berganimizdek, bir guruh mahalliy blogerlarimiz Qozog‘istondagi namoyishlar Rossiya matbuoti tomonidan shubhali tarzda faollik bilan yoritilayotganidan xavotir bildirgan edi.

«Kreml nazorati ostidagi OAVlar, garchi Rossiyada uzun ta’til bo‘lishiga qaramay, voqealarni faol, hatto ishtiyoq bilan yoritayotgani sergaklantiradi. Do‘st va birodar qozoq xalqi va rahbariyati tashqi kuchlar tashviqoti va ta’sirisiz o‘zaro muloqot va kompromiss yo‘lini topa oladi. Men bunga ishonaman», – deb yozgandi bloger Otabek Bakirov.

Umuman, keyingi yillarda rossiyalik ayrim siyosatchilarning «katta og‘alik» ruhidagi da’voyu iddaolari ikki mamlakat munosabatlariga ta’sir etmay qolmadi. Masalan, 2020 yil 10 dekabr kuni Rossiya davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning «Bolshaya igra» dasturida Qozog‘iston degan davlat mavjud bo‘lmagan deya da’vo qilar ekan, «Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir», – degan  edi. Dumaning boshqa bir deputati, «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi  Yevgeniy Fyodorov yanada keskin bayonot bergani ma’lum.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin, 2021 yilning yanvarida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Egemen Qazaqstan» gazetasida chop etilgan «Mustaqillik barchasidan qadrli» deb nomlangan maqolasida Rossiya yuqori siyosiy doiralarida bot-bot yangrayotgan hududiy da’volarga munosabat bildirgandi.

«Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan muqaddas zaminimiz – bizning bebaho boyligimizdir. Ushbu hududni qozoqlarga xorijdan birov peshkash qilmagan. Bizning bugungi tariximiz 1991 yoki 1936 yillar bilan o‘lchanmaydi. Ona xalqimiz ushbu zaminda Qozoq xonligi davrida, undan avvalroq Oltin o‘rda, Turk xoqonligi, xunlar va saklar davrida umrguzaronlik qilgan. Muxtasar aytganda, tariximiz ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladi», – deb yozgan edi prezident To‘qayev.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring