Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyalik siyosatshunos Yevropaga yadro bombasi yog‘dirishni taklif qildi

Rossiyalik siyosatshunos Yevropaga yadro bombasi yog‘dirishni taklif qildi

Foto: RIA «Novosti»

Prezident Vladimir Putin komandasiga mansub siyosatshunos Sergey Karaganov Rossiya rahbariyatini Yevropa mamlakatlariga qarshi yadro quroli qo‘llashga undadi. Siyosatshunos bu G‘arb irodasini sindirish va Ukraina urushida g‘alaba qozonish omili ekanini ta’kidlagan.

Muallifning shu mazmundagi maqolasi «Profil» jurnalida chop etilgan. «Rossiya v globalnoy politike» jurnali esa uni ko‘chirib bosgan. «Rossiya v globalnoy politike» o‘z davrida AQShning «Foreign Affairs» jurnali kabi nufuzli nashrlardan sanalgan.

«Meduza» sayti tarix fanlari doktori Sergey Karaganov Rossiya Xavfsizlik kengashi huzuridagi ilmiy kengash a’zosi, Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash asoschilaridan biri ekaniga e’tibor qaratgan.

Qayd etilishicha, Rossiya kuchishlatar tizimi rahbarlari S.Karaganovning ayrim g‘oyalariga xayrixohlik bildirib keladi.

«Karaganovning maqolasini uning shaxsiy tashabbusi deb qabul qilish mumkin. Ya’ni u mamlakat rahbariyatiga Ukrainaga qarshi agressiyadan keyin mushkul holatda qolgan Rossiyani inqirozdan qutqarish bo‘yicha keskin chorani taklif etayotir. Boshqa tomondan, Karagovning RF Xavfsizlik kengashiga yaqinligi, uning «Valday» tashkilotidagi shaxsiy ishtiroki inobatga olinsa, buni Rossiya hukumatidagi eng qudratli blok – kuchishlatar tizimda tarqalgan fikrning jamoatchilikka yetkazilishi deb baholash mumkin», – deb yozadi «Meduza».

Keyingi vaqtlarda Rossiya oliy rahbariyati yadro quroli ishga solinishi haqida goh oshkora tarzda, goh ishoralar bilan bayonotlar berib kelmoqda.

2022 yil 27 fevral kuni, Ukraina urushidan bir necha kun o‘tgach, Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi.

Putin 2022 yil sentyabr oyidagi murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi haqida gapirgan.

Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham Moskva yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega ekanini bir necha bor pisanda qilgan.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns V.Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan.

Avval xabar berganimizdek, Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori, general Devid Petreus Rossiya yadro qurolini ishga solgudek bo‘lsa, AQSh va NATOning javobi qanday bo‘lishini tushuntirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring