Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyalik yuqori martabali amaldor yana migrantlarga «tosh otdi»

Rossiyalik yuqori martabali amaldor yana migrantlarga «tosh otdi»

Foto: TASS

Peterburg xalqaro yuridik forumida ma’ruza qilgan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin migratsiya siyosatini yanada qattiqlashtirish kerakligini ta’kidladi. Mamlakatda 13-14 million migrant borligini aytgan amaldor ularning manfaat keltirishini shubha ostiga oldi.

Bastrikinga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida Moskva shahriga 1,2 million, Podmoskove viloyatiga 880 ming va Sankt-Peterburg shahriga 860 ming nafar migrant kelgan. Bu raqamlarni u xavotirli statistika deb atab, mehnat muhojirlari orasida jinoyatchilik oshib borayotganidan bahs etgan. 

Aleksandr Bastrikin urushga yuborilayotgan mehnat muhojirlariga oid raqamlarni ham ochiqlagan. Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olgan 30 ming nafar muhojirdan 10 ming nafari Ukraina bilan urush maydoniga jo‘natilgan.

«Ular, bu o‘rtoqlar nega kerak deysizmi? Xandaq (okop) qazish va istehkom qurish uchun. Buning uchun baquvvat qo‘llar kerak bo‘ladi», – degan Rossiya bosh tergovchisi.

Amaldor yangi fuqarolik olgan muhojirlarning urushga yo‘llanishini migratsiyaga qarshi kurashning samarali usuli deya talqin etgan. Unga ko‘ra, fuqarolik olgan migrantlar frontga yuborila boshlagach, ko‘plab xorijliklar Rossiyani tark etishga tushgan.  

Bastrikin Rossiya tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarini chet elliklar o‘rniga mahalliy aholini ko‘proq ishga jalb etish, rus xalqi baxtli bo‘lishi uchun harakat qilishga chaqirgan.

RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin mehnat muhojirlariga qarshi keskin pozitsiyasi bilan tanilgan. U o‘tgan yili Rossiya fuqaroligini olgan migrantlar Ukraina urushida ishtirok etishdan bosh tortsa fuqarolikdan mahrum etilishi haqida bayonot bergandi.

2023 yil yanvar oyida esa u fuqarolik olgan Markaziy Osiyo va Kavkazorti o‘lkalari vakillarini urushga yuborish haqida gapirgan edi.

«Oxirgi 5 yilda O‘rta Osiyo va Kavkazorti mamlakatlaridan kelgan bir milliondan ziyod shaxs, jumladan, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan 550 ming kishi fuqarolik oldi. Xususan, 2022 yilning birinchi yarmida mazkur davlatlarning 60 mingdan ziyod voyaga yetgan fuqarosi Rossiya fuqaroligiga o‘tdi. (Fuqarolik) huquqlar berib qolmay, ayni choqda, qabul qiluvchi mamlakatni himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarni ham ko‘zda tutadi», – degan edi Tergov qo‘mitasi boshlig‘i.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya fuqaroligini olmay, u yerda tirikchilik qilayotgan mehnat muhojirlarini ham turli yo‘llar bilan Ukraina urushiga yuborish holati ko‘payayotgani aytilmoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotida qayd etilishicha, Rossiya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat muhojirlarini Ukraina urushida qatnashishga ko‘ndirishga urinmoqda. Ixtiyoriy ravishda ajal komiga borish evaziga 4160 dollar oylik maosh, shuningdek, Rossiya fuqaroligi va’da qilinmoqda.

Avvalroq BBC nashri Rossiya–Ukraina urushida, 2022 yil fevraldan 2023 yil iyun oyiga qadar kamida 93 nafar Markaziy Osiyo fuqarolari, jumladan, 34 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring