«Tarixni qayta yozmang!» – Putinning yangi maqolasi Ukrainada e’tirozlarga sabab bo‘ldi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «Ruslar va ukrainlarning tarixan birligi haqida» deb nomlangan maqolasi har ikki mamlakatda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Rus va ukrain tilida e’lon qilingan maqolada Putin ikki xalq asrlar davomida yakdil bo‘lgani, ammo ayni paytda G‘arb ular orasidagi do‘stlikka raxna solayotgani haqida yozadi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik hamkasbi maqolasiga munosabat bildirar ekan, ikki xalq tarixiy birodarligi haqidagi fikrlar haqiqatdan yiroq ekanini ta’kidladi.
«Qardosh xalqlar masalasiga kelsak, avval ham aytganimdek, ular fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba, Ikkinchi jahon urushida qancha ukrainlar halok bo‘lganini unutib qo‘yishadi. Boshqa vaziyatlarda esa birodar xalq ekanimizdan naql qilishadi. Men buni qardoshlarcha munosabat deya olmayman», – degan V.Zelenskiy.
V.Putin o‘z maqolasida zamonaviy Ukrainaning tashkil topishi SSSR davri mahsuli ekanini ta’kidlaydi. Qayd etilishicha, Ukrainada tug‘ilib o‘sgan Xrushchev, Brejnev kabi sovet yetakchilari ukrain madaniyati va o‘zligini rivojlashtirishga bosh-qosh bo‘lganlar. Maqolada, shuningdek, bolsheviklar chegaralarni o‘zbilarmonlik bilan o‘zgartirib, Rossiya hududini boshqalarga tuhfa qilib yuborgani, Rossiya hududi talon-toroj etilgani da’vo qilinadi.
Ukraina Milliy fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Aleksandr Alferov Ukrainaga SSSR hududi tuhfa qilingani haqidagi da’voni manipulyasiya deb baholagan.
«1919-1920-yillarda bolsheviklar bosib olgunga qadar Ukraina hududi Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqayotgan paytdan ko‘ra 200 ming kvadrat metrga kattaroq edi. Hozirgi Belgorod, Kurshina, Voronejchina va Belgorodshinaning g‘arbiy qismi Ukrainaga tegishli edi. Qrim ham Ukrainaniki edi. Biz SSSRga ixtiyoriy ravishda qo‘shilmadik. Balki bolsheviklar Rossiyasi mustaqil Ukraina davlatini bosib oldi va hududimizni bo‘lib tashladi», – deydi A.Alferov
Ukraina madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko Putin talqinidagi tarixga e’tiroz bildirdi va tarixni qayta yozishga urinish xataridan ogohlantirdi.
Prezident V.Putin 2020-yil iyun oyida «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli filmda ham SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni olib chiqib ketganini da’vo qilgan edi.
Ciyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bu o‘rinda Rossiya rahbari Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutganini taxmin qilgan.
«Putin kechagi intervyusida qattiq vajohat bilan «SSSRga kirib, rus yerlarini olib chiqib ketgan» davlatlar haqida gapirdi. Menimcha, u Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutyapti. Yaqinda To‘qayev «Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – faqat iqtisodiy loyiha, lekin siyosiy emas» degan edi. Ko‘rinib turibdiki, Putinning jahli chiqibdi. Bu bilan Putin Qozog‘iston rahbariyatiga «Yoki mening tashabbuslarimni miq etmay qabul qilinglar, yoki ahvolingiz Ukrainadan ham yomonroq bo‘ladi» demoqda», – deya holatni sharhlagan edi K.Rabbimov bir yil avval.
Tarixiy hududlar da’vosiga rossiyalik olim, tarix fanlari doktori Sergey Abashin ham raddiya bergan edi.
«Unga (prezident Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) «azaliy hududlar» bo‘lmasligini tushuntiradigan mard bormi?! Barcha hududlar tarixning turli davrida turfa qabila va xalqlar tomonidan bir-birining o‘rnini egallash, hijrat qilish hamda bosib olish orqali zabt etilgan. U «azaliy» deb atayotgan Moskoviya, keyinroq Rusiya imperiyasining yerlari ham qachondir bosib olingan va mustamlaka qilingan, mahalliy aholi esa qirib tashlangan, bo‘ysundirilgan yoki assimilyasiyaga uchragan», – deb yozgan edi o‘shanda professor S.Abashin.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev esa joriy yil yanvarda «Egemen Qazaqstan» gazetasida chop etilgan «Mustaqillik barchasidan qadrli» deb nomlangan maqolasida Rossiya yuqori siyosiy doiralarida bot-bot yangrayotgan hududiy da’voga javob qaytargan.
«Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan muqaddas zaminimiz – bizning bebaho boyligimizdir. Ushbu hududni qozoqlarga xorijdan birov peshkash qilmagan. Bizning bugungi tariximiz 1991 yoki 1936-yillar bilan o‘lchanmaydi. Ona xalqimiz ushbu zaminda Qozoq xonligi davrida, undan avvalroq Oltin o‘rda, Turk xoqonligi, xunlar va saklar davrida umrguzaronlik qilgan. Muxtasar aytganda, tariximiz ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladi», – deb yozgan prezident To‘qayev.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter