Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

To‘qayev taraqqiyotga erishishning asosiy shartini aytdi

To‘qayev taraqqiyotga erishishning asosiy shartini aytdi

Taraqqiyotga erishish, mamlakat gullab-yashnashi uchun fuqarolar bir-biriga do‘stona va xayrixoh munosabatda bo‘lishi, turli ixtilof va ziddiyatlarga chek qo‘yish kerak. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 25-oktyabr – Respublika kuni bayramiga bag‘ishlangan marosimda gapirgan.

«Boshqalarning mehnatini qadrlamaslik, o‘zgalarning fikrini pisand etmaslik, birovlarni yomonotliq qilish – rivojlangan, madaniy jihatdan yuksak jamiyatlarga begona illatlardir. Bunday uyatli qilmish uchun jamiyat va qonun oldida javob bermoq lozim. Internetda biror bir mavzuda boshlangan muhokamalar adoqsiz bahslarga aylanib ketadiki, buni jamiyatdagi eng xatarli xastalik deb atash mumkin. Biz bu kasallikdan forig‘ bo‘lishimiz kerak», – degan To‘qayev.

Qozog‘iston rahbari mamlakat mustaqillikka erishgan sanani «muqaddas kun» deb atagan. U Qozog‘iston so‘nggi yillarda jamiyatning hayotining turi jabhalarida katta yutuqlarga erishganini ta’kidlarkan, mamlakat o‘tmish saboqlarini ham unutmasligini qayd etgan.

«Buyuk mutafakkir Abish Kekilbayev «Faqat o‘tmishdan saboq olib, kelajakka umid bog‘laganlargina oldinga siljiy oladi», degan edi. Biz har bir bosqichda millat tarixida o‘chmas iz qoldirgan barcha davlat va jamoat arboblariga hurmat bajo keltiramiz va ularni hech qachon unutmaymiz. Shu bilan birga, biz kelajakka katta umid va ishonch bilan qaraymiz va yuksak maqsadlar sari intilamiz», – degan u.

25-oktyabr Qozog‘istonda Respublika kuni sifatida bayram qilinadi. 1990-yilning mazkur sanasida Qozog‘iston davlat mustaqilligi to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilingan edi.

Avval xabar berganimizdek, To‘qayev mazkur sana munosabati bilan qozog‘istonliklarni tabrikladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring