Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp imzolagan ilk farmondan Isroil xursand, Falastin xafa bo‘ldi

Tramp imzolagan ilk farmondan Isroil xursand, Falastin xafa bo‘ldi

Tramp Bayden farmonlarini bekor qilmoqda. 20 yanvar, Oq uy.

Foto: AP

20 yanvardan AQSh prezidenti sifatida lavozimga kirishgan Donald Tramp o‘sha kunning o‘zida sobiq prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan bir qator farmonlarni bekor qildi. Bekor qilingan hujjatlar orasida Bayden 2024 yilning  fevral oyida imzolagan G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlarini sodir etayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan sanksiya joriy etish to‘g‘risidagi farmon ham bor.

Avval xabar berganimizdek, bir yil avval Bayden 14115-raqamli farmon bilan G‘arbiy Sohilda falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan, shuningdek, tinch aholi vakillarini kaltaklab, mol-mulkiga ziyon yetkazgan bir guruh yahudiy ekstremistlariga nisbatan taqiq choralarini kiritgandi.

Unga muvofiq, G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik sodir etgan yahudiy ekstremistlariga AQSh viza bermaydi, ularning mablag‘lari muzlatiladi. Qo‘shma Shtatlar fuqarolariga “qora ro‘yxat”dagi shaxslar bilan tijoriy aloqalar olib borish man etiladi.

Isroilga nisbatan o‘ta do‘stona munosabatda bo‘lgan Tramp prezidentligining ilk kunida zo‘ravonlarga qarshi hujjatni bekor qilish bilan yahudiy davlatiga nisbatan yanada xayrixoh siyosat yuritishiga ishora qilgan. 

The Times of Israel nashri xabariga ko‘ra, Trampning sanksiyalarni bekor qilishga doir farmonini Isroildagi o‘ta o‘ng qanotga mansub siyosatchilar olqishlashgan va AQShning yangi rahbariga minnatdorlik bildirishgan.

Falastinliklarga nisbatan shafqatsiz va g‘ayriinsoniy munosabati bilan tanilgan sobiq milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘arbiy Sohildagi yahudiy zo‘ravonlariga jazoning bekor qilinishini “adolatsizlikka barham berish” deb baholagan. 

Falastin ma’muriyati esa Trampning bu qadamini qoralagan. “Bu qaror kelgindilarni yanada ko‘proq jinoyatga undaydi”, degan Falastin ma’muriyati matbuot kotibi Nabil Abu Rudayna.

O‘tgan yili AQSh bilan parallel ravishda Yevropa Ittifoqi ham G‘arbiy Sohil hamda Sharqiy Quddusda inson huquqlari buzilishiga sababchi bo‘lgan ikki tashkilot, jumladan, “Lehava” guruhi hamda to‘rt nafar yahudiyga sanksiya joriy qilgandi.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan keyin Falastinga tegishli boshqa hudud – G‘arbiy Sohilda ham zo‘ravonlik va noqonuniy hibslar kuchaygan.

2023 yil dekabr oyida Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi ham G‘arbiy Sohilda ekstremistik kayfiyatdagi aholi tomonidan falastinliklarga hujumlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘payganidan chuqur xavotir izhor etgan va Tel-Avivdan zo‘ravonliklarga chek  qo‘yishni talab qilgan edi.

Masalan, 2024 yil mart oyida yuzlab yahudiy kelgindilari tomonidan Al-Mug‘ayir qishlog‘iga uyushtirilgan hujum oqibatida bir falastinlik halok bo‘lgan, yigirmadan ziyodi jarohatlangan edi. Ekstremistlar falastinliklarga tegishli uy va avtomobillarga o‘t qo‘ygan.

G‘arbiy Sohildagi yahudiy kelgindilari yoqib yuborgan do‘kon. Foto: AFP

Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.

Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy Sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.

BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan. 

20-21 yanvar kunlari G‘arbiy Sohilda noqonuniy ravishda yashab kelayotgan yahudiylar Isroil askarlari himoyasida falastinliklarga tegishli transport vositalari va mulkka o‘t qo‘ygan.   

Tahlilchilar Trampning sanksiyalarni bekor qilishga doir farmoni G‘arbiy Sohilda yahudiy ekstremistlarining zo‘ravonligini yanada kuchaytirishidan xavotir bildirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring