Trampning taklifi Isroil rasmiylariga yoqib tushdi

Netanyahu Trampga bombalar uchun minnatdorlik bildirdi.
Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida lavozimga kirishganidan bir hafta o‘tmay, Isroil manfaatlarini shartlarsiz himoya qiluvchi bir necha farmon qabul qildi, siyosiy bayonotlar berdi. Tramp bu bilan Isroil rahbariyatining olqish va minnatdorligiga sazovor bo‘ldi.
Avval xabar berganimizdek, kuni kecha Tramp G‘azo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 1,5 million aholisini Misr va Iordaniya kabi davlatlarga ko‘chirish kerakligini aytgan edi. Tramp bu borada Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan gaplashgani, tez orada Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan ham suhbatlashishini ma’lum qilgan.
Vashington ma’muriyati Trampning ushbu ziddiyatli bayonoti borasida izoh berganicha yo‘q. Ammo bu bayonot mohiyat e’tiboriga ko‘ra Isroil rasmiylari ilgari surayotgan G‘azo sektori aholisini boshqa hududlarga ko‘chirish va keyinroq u yerda yahudiy kelgindilarini joylashtirish g‘oyasiga hamohang yangramoqda. Buni Tel-Aviv rasmiylarining munosabati ham tasdiqlaydi.
Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Trampning g‘azoliklarga yangi hayot uchun boshqa joy topish taklifini «zo‘r g‘oya» deb atagan.
«Ko‘p yillar mobaynida siyosatchilar yerni bo‘lish va Falastin davlatini tuzish kabi amalga oshirib bo‘lmas yechimlarni taklif qilib keldilar. Faqat noan’anaviy tafakkur va yangi yechimlargina tinchlik va barqarorlik omili bo‘la oladi», – deya BMT tan olgan ikki davlat tamoyilini yana bir karra rad etgan Betsalel Smotrich.
U hukumat va bosh vazir bilan bu g‘oyani zudlik bilan amalga oshirish uchun reja ishlab chiqishini ham qayd etgan.
Moliya vaziri B.Smotrich bir yil avval ham falastinliklarni G‘azoni tark etishga chaqirgan, falastinliklar G‘azoni bo‘shatsa, yahudiylar uni gullatib yuborishini iddao qilgan edi.
Falastin ahliga nisbatan radikal munosabati bilan otning qashqasidek tanilgan Smotrichga ko‘ra, G‘azoda 100-200 ming chog‘li arabni qoldirib, ikki million aholini ko‘chirish kerak.
2023 yil oktyabr oyida Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada Tel-Aviv ma’muriyati urushdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga ko‘chirish va shu orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.
Falastinning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad ham ayni shu xavotirli reja haqida gapirgandi.
«Isroilning hozirgi harakatlari biror guruh, xususan, HAMASga qarshi shunchaki kurash emas. Balki bu Falastin xalqiga qarshi urushdir. Bundan ko‘zlangan maqsad esa G‘azo sektorida qolgan falastinliklarni Sinay sahrosiga siqib chiqarishdir. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, sionistlarning «Yersiz xalq uchun xalqsiz yer» degan mashhur shiori amalga oshirilmoqda. Ular Falastinning ushbu qismi va G‘azo sektori butunlay tozalanishi kerak deb hisoblaydi», – degan edi doktor Javad Muhammad Avad.
O‘shanda HAMAS Isroil moliya vazirining ikki million falastinlikni ko‘chirish haqidagi taklifini harbiy jinoyat va agressiya deb baholagan edi. Mazkur harakat Trampning bu galgi bayonotiga ham «qabul qilib bo‘lmas taklif» deb e’tiroz bildirgan.
Tahlilchilar bu ikkinchi Naqba (1948 yilda yuz minglab falastinlik vatanidan ko‘chirilgani «Naqba», ya’ni «Fojia» deb ataladi) bo‘lishidan ogohlantirmoqda.
Darvoqe, Misr va Iordaniya rasmiylari Trampning G‘azo aholisini qabul qilishga doir taklifiga ro‘yxushlik bermagan.
Tramp kuni kecha Isroilga havo bombalari yetkazib berishni tiklashni buyurgan. Prezident Jo Bayden tinch aholiga qarshi qo‘llanishi ehtimoli sabab Isroilga 2000 funtlik bomba yetkazishni vaqtincha to‘xtatgandi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘sha kunning o‘zida «umumiy dushmanlarga qarshi kurash»dagi ko‘mak uchun Oq uyning yangi xo‘jayiniga minnatdorlik bildirgan.
20 yanvardan prezident sifatida lavozimga kirishgan Tramp Bayden tomonidan joriy etilgan G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlarini sodir etayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan sanksiyani ham bekor qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter