Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar kelasi hafta davom ettiriladi
AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasida 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar kelasi hafta shu yerning o‘zida qayta davom ettiriladi. Bu haqda 24 yanvar kuni Axios nashri muxbiri Barak Ravid manbaga tayanib xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, muzokaralarning navbatdagi bosqichi yakshanba kuni, 1 fevral sanasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonlar kelasi hafta muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan muzokaralar «juda konstruktiv» ruhda o‘tgan.
Axios manbalarining yozishicha, muzokaralar davomida barcha asosiy bahsli masalalar muhokama qilingan. Jumladan, Donbass masalasi, Zaporoje atom elektr stansiyasini boshqarish hamda har ikki tomondan keskinlikni pasaytirish uchun zarur qadamlar muhokama etilgan.
«Barcha masalalar muhokama qilindi. Hech bir tomon bahsdan chetlatilmadi», – deya qayd etgan nashr suhbatdoshi. Manbalardan biriga ko‘ra, tomonlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv o‘tkazishga «juda yaqin».
Uning qo‘shimcha qilishicha, agar navbatdagi uch tomonlama muzokaralarda yanada katta ilgarilashga erishilsa, bu Moskva yoki Kiyevda yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazilishiga olib kelishi mumkin.
Axios’ga ko‘ra, muzokaralarning ikkinchi kuni yakunlangach, uchala delegatsiya vakillari birga tushlik qilishgan.
«Ma’lum bir paytda hamma deyarli do‘stlardek ko‘rindi. Menda umid hissi paydo bo‘ldi», – deya amerikalik amaldor so‘zlarini keltiradi nashr.
Ikki kunlik muzokaralar yakunlari bo‘yicha Ukraina rasmiylari ularni «ijobiy», prezident Vladimir Zelenskiy esa «konstruktiv» deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, uchrashuvda urushni yakunlash parametrlari muhokama qilingan. Rossiya tomoni esa muzokaralar natijalari yuzasidan hozircha rasmiy bayonot bermagan.
Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Abu-Dabidagi muzokaralar davomida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter