Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina bo‘yicha uchtomonlama muzokaralarning ikkinchi raundi yakunlandi

Ukraina bo‘yicha uchtomonlama muzokaralarning ikkinchi raundi yakunlandi

Abu-Dabida o‘tgan Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi raundi yakunlandi.

Hozircha eng muhim amaliy natija – har ikki tomon 157 nafardan harbiy asirni ozod etgani bo‘ldi. Bu so‘nggi besh oy ichidagi ilk asirlar almashinuvi hisoblanadi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov muzokaralardan so‘ng Ukraina tomonining ilk bayonotini berdi. U «RBK-Ukraina»ga bergan izohida muzokaralar «chindan ham samarali» o‘tganini ta’kidlab, AQSh va Birlashgan Arab Amirliklariga yuqori darajadagi tashkilotchilik va vositachilik uchun minnatdorlik bildirdi.

AQSh delegatsiyasi rahbari, prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham muzokaralarni ijobiy baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki kun davomida o‘tkazilgan muhokamalar «mustahkam tinchlik uchun sharoit yaratish»ga qaratilgan bo‘lgan, biroq hali ko‘p ish qilinishi lozim.

Uitkoffning ma’lum qilishicha, muzokaralar doirasida Rossiya va Ukraina o‘rtasida 157 ga 157 formulasi asosida asirlar almashinuvi amalga oshirildi.

Shuningdek, AQSh va Rossiya harbiy idoralari o‘rtasida aloqa kanali qayta tiklandi (Rossiya-Ukraina urushi davrida uzilib qolgan, -tahr.). Ushbu kanal AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi rahbari general Aleksus Grinkevich rahbarligida ishlaydi va mojaroning nazoratdan chiqib ketishining oldini olishga xizmat qiladi. Sulhni ta’minlash va harbiy harakatlarni to‘xtatilishini nazorat qilish mexanizmlari bo‘yicha keng muhokamalar o‘tkazildi.

Stiv Uitkoffning ta’kidlashicha, tomonlar o‘z poytaxtlariga qaytib, muzokaralarni yaqin haftalarda davom ettirishga kelishib olgan.

Shu tariqa, Abu-Dabidagi ikkinchi raund muzokaralar keskin burilish bo‘lmasa-da, ishonchni tiklash, asirlar almashinuvi va harbiy muloqotni qayta yo‘lga qo‘yish nuqtai nazaridan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring