Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AES atrofidagi provokatsiyalar davom etmoqda

AES atrofidagi provokatsiyalar davom etmoqda

11-avgust kuni kechqurun Rossiya Qurolli kuchlari nazorati ostidagi Zaporoje atom elektr stansiyasi ustida quyuq tutun kuzatildi. Ukraina va Rossiya tomonlari bir-birini provokatsiyada aybladi.

Rossiya tomoniga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilganidan keyin Zaporoje atom elektr stansiyasining sovitish tizimlari inshootida yong‘in sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, jiddiy oqibatlar xavfi yo‘q. Stansiyada radiatsiya normal darajada.

Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Zaporoje atom elektr stansiyasining sovitish minorasida ko‘p sonli avtomobil shinalariga o‘t qo‘ygan.

Bu haqda Ukrainaning Nikopol viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Yevgeniy Yevtushenko Telegram-kanalida yozdi.

«Ruslar sovitish minorasida avtomobil shinalarini yoqib yuborishdi. Ehtimol, bu provokatsiya yoki sobiq suv omborining o‘ng qirg‘og‘idagi aholi punktlarida vahima yaratishga urinishdir. Hozir Zaporoje AES normal ishlayapti», — dedi u.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AES atrofidagi vaziyatga munosabat bilib, o‘zining telegram-kanalida yong‘in aks etgan videoni e’lon qildi.

«Zaporoje atom elektr stansiyasi egallab olingan birinchi kundan boshlab Rossiya undan Ukrainani, butun Yevropa va dunyoni shantaj qilish uchun foydalanmoqda. Biz dunyoning reaksiyasini kutamiz, MAGATE munosabatini kutamiz. Buning uchun Rossiya javob berishi kerak. Faqat Ukrainaning Zaporoje stansiyasi ustidan nazorati normal holatga qaytish va to‘liq xavfsizlikni kafolatlashi mumkin», — dedi prezident Zelenskiy.

Zaporoje atom elektr stansiyasi 2022-yil mart oyi boshidan beri Rossiya qo‘shinlari nazoratida turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring