Moldova MDH tuzilmasini tark etmoqda
Moldova parlamenti raisi Igor Grosu mamlakat hukumatiga MDH Parlamentlararo assambleyasidan chiqishga doir qaror tayyorlash borasida so‘rov yo‘lladi. Qonun chiqaruvchi idora ushbu qarorga respublika fuqarolari, partiyalar va prezident bilan maslahatlashuvdan keyin kelgani xabar qilingan.
Bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan Moldova parlamentini ayni vaqtda Yevropa integratsiyasi tarafdori bo‘lgan partiya nazorat qilmoqda. Ushbu partiya hamda parlament raisi Igor Grosu MDH tuzilmasidan chiqish qarorini Rossiyaning Ukrainadagi noqonuniy harakatlari hamda Moskvaning Kishinyovga nisbatan nodo‘stona siyosati bilan izohlagan.
2020 yilda Moldova prezidenti lavozimiga saylangan Mayya Sandu intervyularida MDH bilan hamkorlik respublikaga manfaat keltirmasligini ta’kidlagan. Siyosatchining o‘zi hozirga qadar MDHning biror sammitida qatnashmagan.
Moldova tashqi ishlar vazirligi xalqaro birlashma doirasida imzolangan ayrim hujjatlarni bekor qilishni taklif etgan. Ayni paytda vakolatli tuzilmalar Moldovaning MDHga a’zoligi nechog‘li maqsadga muvofiqligini o‘rganmoqda.
Mayya Sandu ko‘pdan buyon Rossiya Moldova suverenitetiga behurmat munosabatda bo‘layotganini aytib keladi. Joriy yil fevral oyida esa u Kreml Moldovada davlat to‘ntarishi qilish maqsadida qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida bayonot bergandi.
Keyinroq AQSh prezidenti ma’muriyati ham Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlagani haqida xabar berdi.
Moldovaning amaldagi rahbariyati mamlakat Rossiya bosimlaridan butkul qutulib, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi yo‘lida kurashmoqda. YeI 2022 yilda Moldovaga a’zolikka nomzod maqomini bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter