Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Armaniston Rossiyaga chiqish eshigini ko‘rsatdi

Armaniston Rossiyaga chiqish eshigini ko‘rsatdi

Pashinyan Putin «qalamravidagi» KXShTdan chiqishni ham istisno etmayotir.

Foto: Sputnik/AP

Rossiya chegarachilari 1 avgustga qadar Armaniston poytaxti Yerevan shahridagi «Zvartnots» xalqaro aeroportini tark etishi va nazoratni arman mutaxassislariga topshirishi kerak. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan ma’lum qildi.

6 mart kuni Armaniston xavfsizlik kengashi Kremlga rus chegarachilarini Yerevan aeroportidan olib chiqib ketish talabini yo‘llagan edi.

12 mart kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yerevandan bildirgi olinganini tasdiqlab, bu borada «barcha darajalarda» muloqot olib borilayotganini ma’lum qildi.

Gap shundaki, 1992 yil 30 sentyabr kuni Moskva hamda Yerevan Armaniston hududiga Rossiya chegarachilarini joylashtirishga doir bitim imzolagan. Ushbu hujjatga muvofiq, Rossiya chegarachilari Armanistonning Eron va Turkiya bilan sarhadlarini qo‘riqlaydi.

Rasmiy Yerevan endilikda «Zvartnots» aeroporti chegara punkti ekani, ammo amalda Armaniston chegarasi emasligini ta’kidlamoqda.

Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyanga ko‘ra, mamlakat o‘z chegaralarini o‘zi muhofaza etishga qodir. Binobarin, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati chegara qo‘shini vakillari hududni tark etishi kerak.

Tahlilchilar ushbu qarorni Moskva va Yerevan munosabatlari sovuqlashayotganining yana bir belgisi deb baholamoqda. Avvalroq Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini sustkashlikda ayblab, mamlakatning ishtirokini «muzlatib qo‘ygan» edi.

So‘nggi vaqtlarda rasmiy Yerevan KXShTni butkul tark etishga ishora qiluvchi bayonotlar bermoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring