Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Har oy uyiga 200 dollardan kam jo‘natayotgan muhojirlarni ortga qaytarish targ‘ib qilinadi

Har oy uyiga 200 dollardan kam jo‘natayotgan muhojirlarni ortga qaytarish targ‘ib qilinadi

Namangan viloyat, Uychi tumani hokimi Muhammadayubxo‘ja Apaqov 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yil rejasi haqida Xalq deputatlari kengashida hisobot berib o‘tdi.

Ichki turizm haqida
Uychi tumanida ichki turizmni rivojlantirish mumkin. Masalan, baliqchilikni rivojlantirish uchun berilgan taklifda yana bir loyiha bor. Sun’iy ko‘l hududida yiliga 10 ming sayyohni qabul qila oladigan dam olish maskani quriladi, katamaranlar qo‘yiladi. Sayyohlik maskani uchun yer masalasi hal bo‘ldi, o‘rmon xo‘jaligidan besh gektar va foydalanilmay turgan yerdan o‘n gektar beriladi.

Eng muhimi — qo‘shni Chortoq tumanini turizm hududiga aylantirish bo‘yicha dastur qabul qilingan. Chortoqqa Uychidan o‘tib boriladi, demak bu imkoniyatdan foydalanib qolish kerak.

Yana bir muhim loyiha — Uychi tumanida zotdor otlar yetishtiradigan otxona qurildi. Bu joyni bir ko‘rgan odam yana qaytib kelgisi keladi. Shaxsan o‘zim otlarni ko‘rish uchun uch-to‘rt marta bordim va yana borgim keladi. Uychiga keladigan har bir mehmonga albatta otlarimizni ko‘rib ketishni taklif qilaman.

Mehnat muhojirlari haqida
Pandemiya sharoitida ko‘plab mehnat migrantlari qaytib keldi. Ularni bandlik bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Tuman Namangan shahri bilan chegaradosh bo‘lgani uchun aholi shaharda ham ishlaydi.

Hozirda 4200 nafar uychilik mehnat muhojiri xorijda ishlayapti. IIBga ularning holidan xabar olish va oyiga 200 AQSh dollaridan kam pul yuborayotganlarni O‘zbekistonga qaytarish topshirig‘i berilgan. Ular o‘zimizda ish bilan ta’minlanadi. Ushbu tashabbus doirasida ikki yuzdan ortiq migrant chaqirib olindi.

Mehnat muhojirlarining holati o‘rganilib, uyiga umuman pul jo‘natmayotgan, kam jo‘natayotgan va oilasi bilan aloqani buzganlar statistikasi aniqlandi.

Unga ko‘ra, Uychi tumanidan ketgan o‘n ikki fuqaroning ish joyi noma’lum bo‘lib turibdi. Yana 550 kishi uyiga yetarli miqdorda pul jo‘nata olmayotgani aniqlanib, qaytarib kelish bo‘yicha targ‘ibot boshlandi.

Xorijga ketish istagida bo‘lganlarni sun’iy tarzda qaytarib bo‘lmaydi. Aksincha, yordam beriladi va bepul o‘qitiladi. Rossiya va Qozog‘istondagilarni kafolatlangan ish o‘rni bilan ta’minlash bo‘yicha muzokara o‘tkazilyapti.

Yaqinda Rossiyadan o‘n mingta ish o‘rniga taklif keldi. Eng katta muammo — til va kasb bilmaslik bo‘lib turibdi. Kimdir tumandan chetga chiqadigan bo‘lsa, avvalo kasb va hunarga o‘rgatish lozim.

Paxtaga belgilangan narx
Fermerlar uchun paxtaga belgilangan narx past ekani muammo keltirib chiqarmoqda. Paxtaga narx jahon birjasidan kelib chiqib belgilanadi. Gap shundaki, klaster egalari narxni o‘zgartirishi mumkin.

Shu bois fermerlarda norozilik uchrab turibdi. Klaster tashkil etishdan maqsad — iqtisodni ko‘tarish. Shu bilan birga fermerlar ishini ham muvofiqlashtirish lozim. Uychidagi fermerlarni tumanda faoliyat olib borayotgan klasterga o‘tkazish bo‘yicha taklif berdik.

Investor tumanda paxtani qayta ishlash bo‘yicha umumiy jihatdan 65 million dollarlik taklif bermoqda. Paxta zavodiga yangi zamonaviy texnologiya o‘rnatiladi, yog‘-moy zavodi quriladi va tekstil korxonasiga 50 million dollar investitsiya kiritilib, 1240 ta ish o‘rni yaratiladi. Shunda yillik 50 million dollar eksport masalasi ham hal bo‘lishi kutilyapti.

Paxtachilik rivojlangan davlatlarda gektaridan 65 sentner hosil olinmoqda. Kelasi yil Uychi tumanida paxtaga ajratilgan yerlar yuz foiz tomchilab sug‘orishga o‘tkaziladi va xorijdan mutaxassislar jalb etiladi.

Norin daryosi haqida
Uychi tumani hududidan Norin daryosi oqib o‘tadi. Bu hammaga ham nasib etavermaydigan ne’mat. Oddiygina shag‘aldan ham yaxshi pul ishlasa bo‘ladi. Norin daryosi tuman iqtisodi uchun turtki bo‘lmoqda. Shag‘alni qayta ishlab, qurilish materiallari tayyorlaydigan 20 ta korxona mavjud.

Daryodan yana boshqa iqtisodiy maqsadlar yo‘lida samarali foydalanish mumkin.

Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan ishlar ko‘lamini o‘rganishda davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring